Yoshlar bandligini ta’minlash dolzarb vazifa
Olmaliq shahrida yoshlar bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunar va zamonaviy kasblarga o‘qitish, tartibli mehnat migratsiyasi orqali ishsiz yoshlarni xorijdagi daromadli ish o‘rinlariga joylashtirishga qaratilgan yarmarka bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir Toshkent viloyati hokimligi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi, Tashqi mehnat migratsiyasi viloyat bo‘limi hamda tegishli tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi. Unda xorijiy va mahalliy ish beruvchilar, yirik korxona va tashkilotlar mutasaddilari, shuningdek, yoshlarni kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘rgatuvchi o‘quv markazlari o‘zlarida mavjud bo‘lgan besh mingga yaqin ish o‘rinlari hamda xizmatlari bilan ishtirok etdi.

Mehnat yarmarkasiga Toshkent viloyatining barcha hududlaridan kelgan ishsiz yoshlar keng qamrab olindi. Ularga bo‘sh ish o‘rinlari, kasbiy ta’lim va mehnat migratsiyasi imkoniyatlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berilib, shu joyning o‘zida ish beruvchilar bilan mehnat shartnomasi tuzish imkoniyati yaratildi.


Shuningdek, tadbir doirasida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etilib, unda Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Sultonbekov boshchiligida hudud mas’ullari yoshlar bilan bandlikni ta’minlash masalalari yuzasidan ochiq muloqot olib bordi. Jarayonda yoshlarga OKMK Muhandislik maktab faoliyat va unda tashkil etilgan kasblarga o‘qitish haqida ma’lumot berildi.


Tahlillarga ko‘ra, Toshkent viloyati bo‘yicha yoshlar bandligini ta’minlash uchun ishlab chiqilgan “Yoshlar bandlik dasturi” doirasida 29 ming 58 nafar o‘g‘il-qiz qamrab olindi. Bugungi kunda, ularning 25 ming 812 nafari turli yo‘nalishlarda ish bilan ta’minlandi. Qolganlarini kasb va xorijiy tillarga o‘qitish uchun chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
A.Musayev, O‘zA.