Yoshlar bandligini ta’minlash dolzarb masala
Surxondaryo viloyatida tuman, shahar hokimlari vaqtincha ishsiz yoshlar bilan uchrashib, ularning bandligini ta’minlash masalalarini muhokama etmoqda. Kasb-hunarga yo‘naltirib, barqaror daromad manbaini yaratishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovning yoshlar bilan uchrashuvida huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, tuman hokimligi mas’ul xodimlari, tegishli tashkilot va muassasalar rahbarlari, mahallalardagi “yettilik” vakillari ishtirok etdi.




Tuman hokimi mahallalarda vaqtincha ishsiz 633 nafar va 103 nafar otaliqqa olingan yoshlar kesimida ularning qiziqishlari, kasbiy ko‘nikmalari va salohiyatini tahlil qilib, tumandagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari hamda yoshlar bandligini ta’minlash imkoniyatlarini atroflicha tahlil qildi. Ishsiz yigit-qizlarni qisqa muddatli kasb-hunar kurslariga jalb etish, tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirish, imtiyozli kreditlar ajratish, mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Mutasaddilarga har bir ishsiz yosh bilan manzilli ishlash, ularning muammolarini chuqur o‘rganib, hal etish yuzasidan tegishli vazifalar yuklandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri