Yoshlar bandligi – dolzarb masala
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida yoshlarga ish o‘rinlari yaratishda bank va moliya tashkilotlari hamda siyosiy partiyalarning o‘rniga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida yoshlarga ish o‘rinlari yaratishda bank va moliya tashkilotlari hamda siyosiy partiyalarning o‘rniga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.Tadbirda Prezidentimizning joriy yil 23-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida yoshlarni ish bilan ta’minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbarining 2010-yil 28-iyuldagi «Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq 2010-2014-yillarda tijorat banklari tomonidan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga 423,2 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilgan. Joriy yilda ham bu boradagi ishlar davom ettirilib, yosh tadbirkorlarga 48,2 milliard so‘m kreditlar berildi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan 2010-yildan beri o‘tkazib kelinayotgan «Diplom bilan biznesga» loyihasi yoshlarning tadbirkorlikka nisbatan qiziqishini kuchaytirish, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirishga ko‘maklashish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilishda muhim tashabbuslardan hisoblanadi.
O‘tgan davr mobaynida mazkur loyihada ishtirok etgan 9 ming nafardan ortiq bitiruvchining tadbirkorlikka oid bilimlari oshirilgan bo‘lsa, 4 mingga yaqin loyiha ishtirokchisi banklardan imtiyozli kredit olib, o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Tijorat banklari tomonidan jami 17 milliard so‘m miqdorida kredit resurslari jalb qilingan mazkur loyihalar natijasida hozirga qadar 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari mutaxassislari universitet bitiruvchilariga kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik va kredit olish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish, undan maqsadli foydalanishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.