Yosh telejurnalistlar safi kengaymoqda
Buxoro viloyati teleradiokompaniyasi 1993-yil sentyabr oyida tashkil etilgan
27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni
Buxoro viloyati teleradiokompaniyasi 1993-yil sentyabr oyida tashkil etilgan. Efirga uzatish 1994-yil 13-mart sanasidan boshlangan.
Koʻrsatuvlar oʻzbek, rus va tojik tillarida namoyish etiladi. Dastlab tomoshabinlarga hukmiga haftada uch marotaba efirga muntazam 1 soat 10 daqiqa mobaynida koʻrsatuvlar havola qilindi. Ayni paytda bu 18 soatni tashkil etmoqda. Kunlik umumiy efirni sifatli qilib tayyorlash borasida teleradiokompaniyaning ahil jamoasi hamjihatlik asosida ish olib borayotir.
Teleradiokompaniya mamlakatda, shu jumladan, viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini aholining barcha qatlamlariga yetkazish, ularning maʼnaviy-huquqiy bilimlarini yuksaltirib, siyosiy faolligini oshirish yoʻlida bor kuch va imkoniyatlarini ishga solmoqda.
2018-2020-yillarda televideniye ijodiy salohiyatini oshirish maqsadida bir qator yosh kadrlar ishga qabul qilindi. Buning natijasida 2014-2017-yilga nisbatan tayyorlangan original tematik koʻrsatuvlar soni va sifati 80 foizga oshdi. Hozirgi kunda 32 nafar ijodiy, 19 nafar texnik va 24 nafar mutaxassis xodimlar faoliyat olib bormoqda.
2020-yil barcha jabhalarda boʻlgani kabi teleradiokompaniya uchun ham ancha sinovlarga boy boʻldi. Xususan, eʼlon qilingan pandemiya sabab qisqartirilgan tarkibda ish jarayonlari tashkillashtirildi. Virusning xavfli tomoni uning tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik, aholini qiynayotgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalardagi muammolariga yechim topish maqsadida har kuni “Kun mavzusi” rukni ostida 1 soatlik 3 ta jonli muloqotlar efirga uzatilmoqda.
Karantin davrida viloyatda kechayotgan oʻzgarishlardan aholini oʻz vaqtida xabardor qilib borish maqsadida yangi formatdagi “Maxsus reportaj” dasturi orqali ijodiy jamoa oʻz mahoratini namoyish etayotir.
Efir setkasida belgilangan rejalarni ham vaqtida bajarish uchun aksariyat muharrirlar uy sharoitida onlayn tarzda faoliyat yuritmoqda. Bu bilan butun jamoa izlanishda boʻlib, efir sifati yana-da boyishiga oʻzining munosib hissasini qoʻshmoqda.
Uzoq yillik ish tajribasiga ega muharrirlardan Mehribon Zaripova, Zuhro Ramazonova, Inobat Ochilova, Matluba Odinayeva hamda Maqsuda Jumayevalarning madaniy-maʼrifiy, ijtimoiy va koʻngilochar dasturlari doimiy efirga uzatilayotir.
Yosh va mahoratli jurnalistlar Lobar Qilicheva, Olim Joʻrayev, Muattar Asadova, Suhrob Sherov, Farida Ochilovalar jonli muloqot orqali xalqimiz muammolariga yechim topishga harakat qilishmoqda. Murojaatchilarni oʻylantirayotgan savollarga javob olishlari uchun texnik jamoa bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.
Ayniqsa, videomuhandislardan Jurʼat Vohidov, Oybek Normurodov, Nodir Yunusov, Nozima Istamova, Aziz Amonovlar karantin sharoitida har kuni turli koʻrsatuvlar tayyorlayotgan boʻlsa, jamoadagi 9 nafar operatorlar ularga kerakli tasvirlarni yetkazib berayotir.
Ayni chogʻda ahil jamoa yurtimiz mustaqilligining 29 yilligi oldidan yana bir qator yoʻnalishlarda sifatli koʻrsatuv va eshittirishlar tayyorlab, xalqimiz eʼtiboriga havola etishni oʻz oldiga maqsad qilgan.
Farmon AMINOV,
Buxoro viloyati teleradiokompaniyasi direktori