Yosh shaxmatchimiz Istanbul turnirida g‘alabaga erishdi
Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan xalqaro turnirda yosh shaxmatchimiz muvaffaqiyatga erishdi.
6 ta davlatning 10 nafar iqtidorli shaxmatchilari dona surgan “Fuby Akademi GM Chess Tournament – Series 1” turnirida hamyurtimiz Saidakbar Saidaliyev 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
9 ta turdan iborat bo‘lgan turnirda yosh shaxmatchimiz bahslar davomida 5 ta g‘alaba, 3 ta durang va 1 ta mag‘lubiyat holatida 6,5 ochko jamg‘arib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasini band etgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlardan 6 ochko jamg‘argan bangladeshlik Muhammad Fahad Rahmon hamda 5,5 ochko to‘plagan gruziyalik Konstantina Shanova joy oldi.
E’tiborli jihati, Turkiya turnirida g‘alaba qozongan Saidakbar Saidaliyev musobaqa yakunlariga ko‘ra, FIDE reytingi uchun +12,5 ball to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA