Yosh shaxmatchilarimiz “FIDE World Youth Chess Championship 2026”da muvaffaqiyatli qatnashmoqda
Italiyaning Montesilvano shahrida 14, 16 va 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar hamda qizlar o‘rtasida “FIDE World Youth Chess Championship 2026” bahslari bo‘lib o‘tmoqda.
Dunyoning 84 ta mamlakatidan 778 nafar shaxmatchi ishtirok etayotgan dunyo birinchiligida O‘zbekiston sharafini 9 nafar yosh shaxmatchi himoya qilmoqda.
Ortda qolgan 5 ta tur o‘yinlari yakunlariga ko‘ra, terma jamoamizning bir qator vakillari yuqori natijalarni qayd etishga muvaffaq bo‘ldi.

14 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida Sarvinoz Bekmuratova 4 ochko bilan 8-o‘rinda, Lazizabonu Komiljonova 3,5 ochko bilan 128 nafar ishtirokchi orasida 15-o‘rinda bormoqda.
16 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida Rauf Qosimov 4 ochko bilan sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilayotgan bo‘lsa, 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida Akobirxon Saidaliyev 4 ochko bilan 8-o‘rinni band etib turibdi.

Bugun, 20-iyun kuni jahon chempionatining 6-tur musobaqalarida Sarvinoz Bekmuratova qora donalarda FIDE bayrog‘i ostida musobaqada qatnashayotgan Eliza Tereenko bilan ro‘baro‘ kelsa, Laziza Komiljonova ham qora donalarda shveysariyalik Kristina Jordanga qarshi dona suradi.
Eslatib o‘tamiz, 11 ta turdan iborat “FIDE World Youth Chess Championship 2026” musobaqasi 26-iyunga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA