Yosh parlamentariylarning XII global konferensiyasiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi
2026-yilning 4–6-sentabr kunlari Samarqand shahrida Parlamentlararo ittifoqning Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Mazkur konferensiyaga puxta tayyorgarlik ko‘rish va munosib tarzda o‘tkazish maqsadida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norbayeva rahbarligida Parlamentlararo ittifoq Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasini Samarqand shahrida o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda yurtimizda ilk bor o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Parlamentlararo ittifoqning Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasiga tayyorgarlik ko‘rish, ushbu tadbirni yuqori saviyada tashkil etish, keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar hamda unda belgilangan vazifalar muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Parlamentlararo ittifoqning 2025-yil aprel oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan 150-yubiley Assambleyasidagi nutqida ilgari surilgan edi. Davlatimiz rahbari yoshlar masalalariga alohida to‘xtalib, yoshlarni milliy parlamentlar hamda Ittifoq faoliyatiga faol jalb etish zarurligini ta’kidlagan holda O‘zbekistonda Yosh parlament a’zolarining konferensiyasini o‘tkazish taklifini bildirgan edi. Bu Parlamentlararo ittifoq a’zolari bo‘lgan 180 dan ortiq davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
2025-yil oktabr oyida Jenevada bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoqning 151-assambleyasi doirasida Oliy Majlis Senati Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlikda Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasini shu yil 4–6-sentabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risida bitim imzoladi.
Tashkiliy qo‘mita yig‘ilishida Senat Raisi bu qo‘llab-quvvatlov mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida milliy parlament rivojiga qaratilayotgan e’tibor natijasi o‘laroq parlament islohotlarining samarasi, mamlakatimizga bo‘lgan ishonch namunasi ekanini alohida ta’kidladi.

Mazkur anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad parlamentlar faoliyatida yoshlarning ishtirokini kengaytirish, yosh parlamentariylar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, O‘zbekistonning ochiqlik siyosatiga sodiqligini namoyon etish va parlament diplomatiyasi darajasini yukslashtirishdan iborat.
Konferensiya doirasida nizolar va raqamli transformatsiya sharoitida yoshlar huquqlarini himoya qilish, ularning siyosiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, iqtisodiy huquqlar hamda bandlikni ta’minlash, shuningdek, xotin-qizlar va yoshlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, konferensiya tadbirlari doirasida Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligini ham o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Bir qator vazirlik va idoralar, tashkilot va muassasalar vakillari ishtirokida o‘tgan Tashkiliy qo‘mita yig‘ilishida anjumanga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rish va yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA