Yosh oilalarga “Kamolot” uylari
Farg‘ona shahrida 33 yosh oilaga mo‘ljallangan “Kamolot” uylari foydalanishga topshirildi. Zamonaviy loyihalar asosida barpo etilgan ko‘p qavatli uyda barcha sharoit va qulayliklar yaratilgan.
Farg‘ona shahrida 33 yosh oilaga mo‘ljallangan “Kamolot” uylari foydalanishga topshirildi. Zamonaviy loyihalar asosida barpo etilgan ko‘p qavatli uyda barcha sharoit va qulayliklar yaratilgan.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ular uchun munosib turmush sharoiti yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda «Sog‘lom bola yili» Davlat dasturida belgilangan ushbu yo‘nalishdagi muhim vazifalar ijrosi yuzasidan Farg‘ona viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar bajarildi.
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida mehnat qilayotgan yosh oilalar uchun bunyod etilgan “Kamolot” uyi ham ana shu ezgu ishlarning davomi bo‘ldi.
– Prezidentimiz rahnamoligida yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan ulkan e’tibordan nafaqat yoshlar, balki ularning ota-onalari, butun xalqimiz juda xursand, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Umidaxon G‘ofurova. – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-sentabrdagi “Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida bir qator tadbirlar belgilangan. Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik yoshlarning hayotga, yaxshi yashashga bo‘lgan intilish va qiziqishini, ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
– Yangi yilni yangi uyda kutib olayotganimizdan xursandmiz, – deydi yangi uy sohibi Abdurashid Komilov. – Biz, yoshlarga ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.
Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev so‘zga chiqdi.