“Yosh oilalar forumi” o‘tkazildi
Sayxunobod tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-apreldagi “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasini tasdiqlash hamda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari" to‘g‘risidagi Farmoni hamda unda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida “Yosh oilalar forumi” tashkil etildi.
Yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, yoshlarni mas’uliyatli oilaviy hayotga tayyorlash hamda jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish maqsadida o‘tkazilgan forumda tuman hokimligi va tegishli tashkilotlar vakillari, tuman xotin-qizlar faollari, tuman imom-xatibi, otinoyilar, “Oqila ayollar” harakati a’zolari hamda “Ibratli oila” ko‘krak nishoni sohiblari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida oilaning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, er-xotin o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va mas’uliyat, farzand tarbiyasida ota-onaning burchi hamda milliy va ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylash masalalari yuzasidan ma’ruzalar va ochiq muloqotlar o‘tkazildi.
Ishtirokchilar tomonidan yosh oilalar o‘rtasida sog‘lom muhitni shakllantirish, ajrimlarning oldini olish, shuningdek, namunali oilalar tajribasini keng targ‘ib etish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.

“Ibratli oila” ko‘krak nishoni sohiblari o‘z hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashib, yoshlarga oilaviy totuvlik, sabr-toqat, o‘zaro hurmat va ishonchni mustahkamlashning ahamiyati haqida tavsiyalar berdilar.
– Mazkur forum yosh oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqiy, ma’naviy va ijtimoiy bilimlarini oshirish, oilaviy barqarorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, ajrimlarning oldini olish, sog‘lom oilaviy muhitni shakllantirish va namunali oilalar tajribasini keng targ‘ib qilish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan hisoblanadi. Forum davomida ko‘tarilgan masalalar kelgusida amaliy choralar ishlab chiqishga xizmat qiladi, – dedi tuman hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nodira Mirzayeva.
Tadbir yakunida mas’ullar yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish hamda ijobiy tajribalarni ommalashtirish ishlari izchil davom ettirilishini ta’kidladilar. Forum ko‘tarinki ruhda o‘tib, ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri