Yosh ofitserlar malaka oshirmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Surxondaryo akademik litseyida ichki ishlar organlarining safdorlik hamda serjantlik lavozimidan ofitserlik lavozimiga tayinlangan xodimlari uchun maxsus sayyor oʻquv yigʻini boshlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Surxondaryo akademik litseyida ichki ishlar organlarining safdorlik hamda serjantlik lavozimidan ofitserlik lavozimiga tayinlangan xodimlari uchun maxsus sayyor oʻquv yigʻini boshlandi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda keyingi yillarda mamlakatimiz ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan islohotlar soha xodimlarini aholiga yanada yaqinlashtirib, joylarda tinch hayot va farovon turmushni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi. “Jinoyat haqiqati va adolati”, “Qonun va adolat – ustuvor, jinoyatga jazo – muqarrar” degan tamoyillarni qaror toptirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilib, soha xodimlarining bilim va koʻnikmalari mustahkamlanayotgani qayd etildi.
Prezidentimizning 2017-yil 16-avgustdagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Malaka oshirish instituti tomonidan tashkil etilgan mashgʻulotlar zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda interfaol usulda oʻtkazilayotir. Oʻquv jarayonida ichki ishlar organlari faoliyatiga oid soʻnggi yillarda ilgari surilgan muhim vazifalar, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga, sohada yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar talablari bilan tanishtirishga alohida ahamiyat berilmoqda.

– Ofitserlik lavozimiga tayinlangan xodimlar oʻquv yigʻini davomida olgan bilim va koʻnikmalari asosida xizmat vazifalarini olib boradi, – deydi Malaka oshirish instituti jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni taʼminlash kafedrasi katta oʻqituvchisi, podpolkovnik U.Sunnatov. – Buning uchun taʼlim muassasamizning eng tajribali professor-oʻqituvchilari jalb etildi. Barcha sharoitlarga ega oʻquv xonalarida amaliy va nazariy bilimlarni taʼlimning zamonaviy interfaol usullaridan samarali foydalanib olib boramiz. Mashgʻulotlar yakunida tinglovchilar test sinovlaridan oʻtib, tegishli hujjatga ega boʻladi.
Oʻquv mashgʻulotlarining ilk kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi qonuni mazmun-mohiyati xususidagi darslar bilan boshlandi.
– Ofitserlik sharafli lavozim boʻlish barobarida zimmamizga katta masʼuliyat ham yuklaydi, – deydi viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi katta inspektori, leytenant G.Yormatova. – Ushbu oʻquv yigʻini bizning bilim va kasb mahoratimizni yanada oshirib, oʻz vazifamizni sifatli bajarishda muhim oʻrin tutadi. Shu bois oʻquv jarayonida faol ishtirok etib, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar, yangiliklar va foydali tajribalar bilan yaqindan tanishishni, olgan bilimlarimizni faoliyatimizda keng qoʻllashni maqsad qilganmiz.

Besh kunga moʻljallangan mashgʻulotlar chogʻida yosh ofitserlar huquqbuzarliklar profilaktikasining turlari va amalga oshirish tartibi, jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash va boshqa qator dolzarb mavzular boʻyicha saboq oladi. Sohaga oid ilgʻor tajribalar bilan yaqindan tanishadi.
Shuningdek, Malaka oshirish instituti vakillari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Surxondaryo akademik litseyi oʻquvchilari uchun Davlat madhiyamiz qabul qilingan sanaga bagʻishlab davra suhbati, “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzuida uchrashuv tashkil etdi. Tadbirda faol ishtirok etgan oʻquvchilar munosib ragʻbatlantirilib, ijtimoiy-siyosiy, huquqiy va badiiy kitoblar tuhfa qilindi.
Maxsus sayyor oʻquv yigʻini doirasida professor-oʻqituvchilar hududiy ichki ishlar organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman va shahar kengashlari, taʼlim muassasalari hamkorligida mahallalarda aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida “Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” mavzuida keng koʻlamli targʻibot ishlarini amalga oshirib, faol oʻgʻil-qizlarga kitoblar sovgʻa qiladi. Shuningdek, mahallalarda istiqomat qilayotgan kam taʼminlangan va yolgʻiz qariyalar holidan xabar olib, ularga moddiy va maʼnaviy koʻmak beradi.