Yosh muhandislar ishlanmalari yuqori baholandi
Rossiya Federatsiyasining Magnitogorsk shahrida o‘tkazilgan XXIII ilmiy-texnik anjumanda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining yosh metallurglari alohida e’tirof etildi.
Anjuman har yili an’anaviy tarzda minglab yoshlarni jalb qiladi. Yosh metallurglar anjuman davomida o‘zaro tajriba almashadi, ishlab chiqarishni takomillashtirish va sifatli mahsulot olish bo‘yicha o‘zlarining turli yo‘nalishdagi ratsionalizatorlik takliflari va ishlanmalarini taqdim etadi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi yosh muhandislari Rustam Parpiyev va Alisher Alimatov ham ushbu anjumanda o‘z ma’ruzalari va taqdimotlari bilan qatnashdi.
E’tiborlisi, metallurgiya yo‘nalishida ishtirok etgan yosh muhandislar takliflari yuqori baholanib, sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘ldi.
Jumladan, Alisher “Ishlab chiqishning o‘ziga xosligi” nominatsiyasida, Rustam esa “Eng yaxshi iqtisodiy samara” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Anjuman tashkilotchilari yoshlarning iqtidor va salohiyatini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun kombinat rahbariyatiga alohida minnatdorlik bildirdi.
OKMK axborot xizmati,
O‘zA