Yosh metrolog olimalarning yutuqlari e’tirof etildi
O‘zbekiston milliy metrologiya institutida Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan o‘tkazildi.
«Metrologiya ilm-fanini rivojlanishida xotin-qizlarning roli» mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy seminarida O‘zbekiston milliy metrologiya institutida faoliyat olib borib, ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanayotgan, ilmiy izlanishlar olib borayotgan tashabbuskor yosh olimalar ham ishtirok etishdi. Yosh olimalar o‘z ilmiy ishlari bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozim, Milliy metrologiya institutida 2017 yilda 1 nafar PhD xodim faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2023 yil 1 fevral holatiga ko‘ra ularning soni 10 nafarga (shundan 3 nafari ayollar) yetkazildi.

2028 yilga ularning sonini 30 nafarga yetkazish maqsad qilingan. Shuningdek, institutda gender tengligi bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Hozirda institut va uning hududiy filiallarida jami 650 nafar xodim faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shulardan 180 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi, shundan 4 nafari rahbar ayol xodimlar. Shu bilan bir qatorda, institutdagi jami xodimlarning 65 foizini yoshlar tashkil etadi. Hozirda ilmiy loyiha va innovatsion g‘oya bo‘yicha 10 nafar ayol amaliy ishlanmalar ustida izlanmoqdalar. Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan o‘tkazilgan tanlovlarda ishtirok etib, salkam 4 mlrd. so‘mga yaqin to‘rtta amaliy va innovatsion loyiha moliyalashtirildi. 10 nafar xodim chet el stajirovkalarga yuborish uchun o‘tkazilgan tanlovda g‘olib bo‘lishdi. 1 yil davomida 3 ta ishlanmaga patent guvohnomasi olindi. 202 yilda ilmiy-tadqiqot institutlari reytingida 103-o‘rindan 77 pog‘ona yuqorilab, ijobiy ko‘rsatkichga ega bo‘lishdi.

Seminarda O‘zbekiston Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova so‘zga chiqib, gender strategiyasining asosiy maqsad va vazifalari, o‘tgan yili amalga oshirilgan ishlar va 2023 yil uchun rejalari, gender tenglikni ta’minlashning asosiy shart-sharoitlari, ilm-fanda xotin-qizlar ulushini oshirish masalalari xususida so‘z yuritdi. Senator Gulnora Ma’rufova ham so‘zga chiqib, gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha xalqaro tajriba va xalqaro hamkorlik haqida gapirdi.
O‘zbekiston Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mas’ul xodimi Mukarram Nurmatova xotin-qizlarning jamiyatda faolligini oshirish, ularga davlat va hukumat tomonidan yaratilayotgan sharoit va berilayotgan imkoniyatlar haqida to‘xtaldi, dunyo tan olgan o‘zbek akademik va professor olima ayollarning hayoti va faoliyatini ibrat sifatida keltirdi.

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi rahbariyati tomonidan O‘zbekiston milliy metrologiya instituti yosh olimalarining yutuqlari alohida e’tirof etildi.
Tadbir davomida mehmonlar O‘zbekiston milliy metrologiya institutining milliy etalonlar bazasi va laboratoriyalar faoliyati bilan ham tanishishdi. Jumladan, etalonlarning ahamiyati, ulardan foydalanish talablari va xalqaro doiradagi munosabatlar, institut tomonidan olib borilayotgan laboratoriya ishlari haqida tasavvurlarini yanada boyitishdi.
Naibaxon Mamadaliyeva,
Bosh direktor maslahatchisi, professor