Yosh jurnalistlar bilan ochiq muloqot: media sohasining buguni va kelajagi muhokama qilindi
Axborot makonining jadal rivojlanishi jurnalistika sohasiga ham yangi talab va mas’uliyatlarni yuklamoqda. Jamiyat hayotida ommaviy axborot vositalarining o‘rni tobora ortib borar ekan, ayniqsa yosh jurnalistlarning bilim va salohiyatini rivojlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash muhim vazifalardan biriga aylanmoqda. Chunki kelajak media makonining qiyofasi aynan bugungi yosh jurnalistlarning kasbiy saviyasi, dunyoqarashi va tashabbuskorligiga bog‘liq.
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Yoshlar kuni” doirasida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi rahbariyatining yosh jurnalistlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv yosh jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy rivojlanishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berish hamda media sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir davomida mamlakatimizda yoshlar siyosati doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jurnalistika sohasida yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlar va istiqboldagi loyihalar haqida so‘z yuritildi. Ayniqsa, yoshlarning ijodiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning professional malakasini oshirish hamda zamonaviy jurnalistika talablariga mos kadrlarni tayyorlash masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
[gallery-28096]
Uchrashuv jarayonida yosh jurnalistlar O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi rahbariyatiga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. Muloqot davomida jurnalistika sohasidagi istiqbolli loyihalar, media muhitida yangi tendensiyalar, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda hamkorlik imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Bu esa tadbirning nafaqat axborot berish, balki o‘zaro tajriba almashish maydoniga aylanganini ko‘rsatdi.
Tadbirda turli ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan yosh jurnalistlar hamda jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdi. Ochiq muloqot давомида yoshlar sohada mavjud muammolar, yangi imkoniyatlar va istiqbolli g‘oyalar yuzasidan o‘z fikr hamda takliflarini bildirdi.
Bugungi kunda jurnalist nafaqat voqeani yorituvchi, balki jamiyatda fikr shakllantiruvchi, muammolarga yechim izlashga turtki beruvchi muhim shaxs hisoblanadi. Shu sababli yosh jurnalistlarning kasbiy tayyorgarligi, tanqidiy fikrlashi va ijtimoiy mas’uliyati alohida ahamiyat kasb etadi. Bunday ochiq muloqotlar esa yoshlarning soha vakillari bilan bevosita fikr almashishi, tajriba orttirishi hamda o‘z faoliyatini yanada rivojlantirishiga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlar siyosati yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish hamda turli sohalarda, jumladan, ommaviy axborot vositalarida ham o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Yosh jurnalistlar bilan o‘tkazilayotgan bunday uchrashuv va muloqotlar esa media sohasining kelajak rivoji uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Zero, faol, bilimli va mas’uliyatli yosh jurnalistlar – jamiyatning xolis va ishonchli axborot manbai.
Dildora DO‘SMATOVA,
Oybek Pardayev (surat)
O‘zA