Yosh, istiqbolli kadrlar – el-yurt umidi
Namanganda Boshqaruv samaradorligi agentligi viloyat filiali tashabbusi bilan Prezident huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi, viloyat hokimligi hamkorligida yoshlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 5 maydagi “Iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularda kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish va rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Namangan tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabda bo‘lib o‘tgan navbatdagi tadbirda Namangan viloyat hokimligi, Boshqaruv samaradorligi agentligi Namangan filiali, "El-yurt umidi" jamg‘armasi mutasaddi rahbarlari qatnashdilar.


Ixtisoslashtirilgan va umumta’lim maktablari hamda professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari, yosh davlat xizmatchilari va oliy ta’lim muassasalarining talabalari, magistrlar, doktorantlar taklif etilgan muloqot davomida “El-yurt umidi” jamg‘armasi vakillari tomonidan jamg‘arma faoliyati, mavjud dasturlar, tanlovlar, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar, hujjat topshirish tartibi, xorijdan qaytgan mutaxassislar uchun yaratilgan sharoitlar hamda malaka oshirish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, stipendiatlarni xorijda o‘qishni tugatgandan so‘ng munosib ishga joylashtirish, kasbiy va lavozim pog‘onalarida ko‘tarish, milliy kadrlar zaxirasiga kiritish kabi masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.


– Xalqaro ta’lim dasturlarini ommalashtirish va O‘zbekistonning inson kapitalini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ta’lim marafonida fondning xorijda o‘qish, malaka oshirish va ilmiy faoliyat olib borish uchun taqdim etayotgan stipendiya dasturlari va ularda yoshlarning ishtiroki bo‘yicha tadbir qatnashchilari tomonidan berilgan savollarga batafsil javob qaytarildi, – deydi Boshqaruv samaradorligi agentligi Namangan filiali direktori Shuhrat To‘xtaboyev. – Mazkur xayrli tashabbusning asosiy maqsadi ertamiz egalariga dunyoning yetakchi oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishning haqiqiy imkoniyatlari haqidagi ma’lumotlarni to‘liq yetkazish bo‘lib, shunday uchrashuvlar Namangan davlat universiteti hamda To‘raqo‘rg‘on tumani hokimligida ham uyushtirilib, ularda 3 ming 700dan ziyod yoshlar qamrab olindi.
Muloqotlarda yoshlar tomonidan o‘rtaga tashlangan viza olish bilan bog‘liq muammolar, chet eldagi xavfsizlik, jamg‘arma tomonidan ajratiladigan stipendiya miqdori, hujjatlarda xatolik mavjud bo‘lgan taqdirda nimalarga e’tibor qaratish, oila a’zolari bilan birga borish imkoniyatlari, shartnoma muddatidan tashqari qolib ishlash imkoniyatlari singari muhim masalalarga oid savollarga aniqlik kiritildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA