Yosh iqtidorlar maskani
Mamlakatimizda sportni, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Yosh avlodning sport bilan muntazam shug‘ullanishi, o‘z mahorat va salohiyatini to‘laqonli namoyon etishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, zamonaviy, muhtasham sport inshootlari ularning ixtiyorida.
Andijon viloyati gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida ham barcha imkoniyatlar yaratilgan. Shu bois, keyingi yillarda maktab ko‘plab mahoratli sportchilarni tayyorlayotgan maskanlardan biriga aylandi.
Ayni kunda gimnastika maktabida 57 ta guruhda 624 nafar iqtidorli yigit-qiz sport gimnastikasi, tramplin, akrobatika hamda sportning nafis va jozibador turi – badiiy gimnastika bilan shug‘ullanmoqda.
– Maktabimiz zamonaviy gimnastika jihozlari bilan to‘la ta’minlangan, – deydi maktab direktori Nasibullo Madrahimov. – Keng, yorug‘ zallarda barcha qulayliklar mavjud. Tajribali murabbiylar bolajonlarning sog‘lom, go‘zal va jismonan baquvvat bo‘lishi uchun yaqindan yordam berib, gimnastikaning o‘ziga xos jihatlari, sir-asrorlarini puxta o‘rgatmoqda.
Bugungi kunda maktabda 26 nafar tajribali murabbiy samarali faoliyat olib boradi. Ularning aksariyati respublika va xalqaro toifadagi murabbiylik litsenziyasiga ega. Murabbiylarning bilim va malakalarini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.
[gallery-28500]
– Yaqinda Farg‘ona shahridagi malaka oshirish kursini tamomlab qaytdim. Malakali mutaxassislar ishtirokidagi kurs mashg‘ulotlarida faoliyatimga oid ko‘p narsalarni o‘rgandim, nazariy bilim, malaka va tajribam yanada boyidi, – deydi murabbiy Mavludaxon Normatova.
Gimnastika maktabida ishlarning samarali olib borilishi natijasida keyingi ikki yil davomida 20 nafarga yaqin yoshlar respublika va xalqaro miqyosdagi turli musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
– Joriy yilda yoshlar o‘rtasida sport gimnastikasi bo‘yicha o‘tkazilgan mamlakat chempionatida 3-o‘ringa sazovor bo‘ldim, – deydi maktab o‘quvchisi Abdulbosit Abdujalilov. – Ushbu natijada ustozlarimning xizmati beqiyos, qolaversa, erishayotgan yutuqlarimizda maktabda yaratilgan sharoitlar muhim omil bo‘lmoqda. Albatta, bu imkoniyatlar bizni yanada ulkan yutuqlarga erishishga undaydi.
O‘tgan yili maktabning o‘n nafarga yaqin o‘quvchisi respublika miqyosidagi turli musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallagan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davri davomida 50 nafarga yaqin o‘quvchi viloyat, 10 nafarga yaqin o‘quvchi esa respublika musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, maktabning qator tarbiyalanuvchilari bugungi kunda gimnastikaning turli yo‘nalish va yosh toifalari bo‘yicha milliy terma jamoa a’zosi yoki a’zolikka nomzod hisoblanadi.
Jumladan, joriy yilda gimnastikaning tramplin yo‘nalishida 9-12 yoshli bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida Elnur Soipjonov, Islombek Muhammadgadoyev, Jonpo‘lat Guldayev, Nurmahammad Ergashboyev, akrobatika bo‘yicha 10-18 yoshli sportchilar o‘rtasida o‘tkazilgan mamlakat chempionatida Tohirjon Turg‘unov, Xurshidbek Sobirov ikkinchi, gimnastika bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida Abdulbosit Abdujalilov 3-o‘ringa sazovor bo‘lib, kumush va bronza medallari sovrindoriga aylandi.
Bir so‘z bilan aytganda, Andijon viloyati gimnastika sport turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi yosh iqtidorlar maskani sifatida mahoratli sportchilarni tayyorlash, shuningdek, kelajagimiz egalari bo‘lgan yosh avlodning sog‘lom va barkamol unib-o‘sishlarini ta’minlash yo‘lida samarali faoliyat olib bormoqda.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.