Yosh ijodkorlar uchun mahorat maydoni
Parkent ijod uyida Respublika yosh ijodkorlarining an’anaviy seminari ishtirokchilarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Adabiy kechada Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda adabiyot rivojiga, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bu islohotlarning barchasi yurtimiz ravnaqi, yoshlar kelajagiga qaratilganini aytib o‘tdi.
– Bu galgi seminar ajoyib o‘tdi, deb ayta olaman, – deydi seminar ishtirokchisi Muqaddas Mamarasulova. – Chunki bizning hakamlar hay’ati tarkibida tajribali adib, tarjimon, ustoz Ibrohim G‘ofurov bor edi. Yoshlari 84 ga kirganiga qaramasdan, biz yosh ijodkorlarga tengsiz o‘git va tavsiyalarini shaxsan yetkazdilar. Fikrlarining tiniqligi meni yana bir bor hayron qoldirdi va ustoz uchun xursand bo‘ldim. Ular bilan o‘zbek adabiyoti qanchalik badiiy tarjimonlarga muhtoj ekanligini, qaysi asarlar navbat kutayotganini, umuman shu sohaning kamchilik va yutuqlari haqida suhbatlashdik. Bizlarni tingladilar, o‘zimiz va tarjimalarimiz bilan tanishdilar. Badiiy tarjimonlar uyushmasini ochish taklifimni qo‘llab-quvvatladilar. Bu, albatta o‘zimga bo‘lgan ishonchni yanada orttirdi. Nasib bo‘lsa, kelajakda bu sohaning rivoji uchun o‘z hissamni qo‘shishga doim tayyorman.

Tadbir davomida ishtirokchilarga pul mukofotlari, statuetka, noutbuk, kitoblar jamlanmasi va boshqa esdalik sovg‘alari topshirildi.
Seminarning taqdirlash marosimida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan uch kun davomida yoshlarga mahorat saboqlarini bergan bir guruh ijodkorlarga, seminar ishini ommaviy axborot vositalarida keng yoritishda faollik ko‘rsatgan jurnalistlarga hamda uyushmaning viloyat bo‘limlari rahbarlariga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Taqdirlash marosimi san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlariga ulanib ketdi. Ayni damda seminar o‘z ishini yakunladi.
D.Mamatova, O‘zA