Yosh harbiylashtirilgan nazoratchilar ish boshladi
Mamlakatimizda keyingi yillarda yoshlar bandligini taʼminlab, ular uchun munosib sharoit yaratish davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yoʻnalishiga aylandi.
Termiz shahridagi Xotira maydonida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyati qoʻriqlash boshqarmasiga ishga qabul qilingan yosh harbiylashtirilgan nazoratchilarni oʻz xizmat joylariga tantanali kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda viloyat qoʻriqlash boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik A.Umarov yosh xodimlarni masʼuliyatli va sharafli kasbni tanlagani bilan tabriklab, ularning Vatan taraqqiyoti va yurt osoyishtaligi yoʻlida munosib xizmat qilishiga muvaffaqiyat tiladi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda yoshlar bandligini taʼminlab, ular uchun munosib sharoit yaratish davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Shunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tizimida ham jismonan sogʻlom, maʼnan yetuk yoshlar uchun ish oʻrinlari yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Surxondaryo viloyati qoʻriqlash boshqarmasi mutasaddilari viloyat yoshlar ittifoqi va bandlikka koʻmaklashish markazi xodimlari hamkorligida harbiylashtirilgan nazoratchi lavozimiga nomzodlarni saralab, dastlabki bosqichda ularning 28 nafarini ishga qabul qilishni tavsiya etdi. Shundan soʻng yosh xodimlar uchun uch haftalik oʻquv mashgʻulotlari tashkil etilib, bilim va koʻnikmalari oshirildi. Tajribali mutaxassislar nazariy va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazib, jangovar-jismoniy, oʻq otish tayyorgarligini, maʼnaviy-maʼrifiy, siyosiy-ijtimoiy bilimlarini mustahkamladi.

– Qoʻriqlash xizmatiga ishga qabul qilinganimdan xursandman, – deydi harbiylashtirilgan nazoratchi lavozimiga tayinlangan xodim Jasur Qodirov. – Soha sirlarini chuqur oʻzlashtirishimizda biz uchun tashkil etilgan oʻquv mashgʻulotlarining ahamiyati katta boʻldi. Oʻqish davrida biz uchun mashgʻulot xonalari, yotoqxona va oshxonada barcha sharoit yaratildi. Boʻsh vaqtimizni shinam kutubxona va sport zalda maroqli oʻtkazdik. Xizmat davrida yurt tinchligi va xalq osoyishtaligini taʼminlashdek muqaddas burchimni sharaf bilan ado etishdan faxrlanaman.
Tadbir yakunida ilk xizmat vazifasini bajarishga yoʻl olayotgan yosh xodimlarga oʻquv mashgʻulotlarini muvaffaqiyatli tugatgani haqida maxsus sertifikat topshirildi.