Yosh grossmeysterlar tarbiyalanayotgan maskan
Shaxmatni bejiz aql gimnastikasi deyishmaydi. Boisi bu sport turi bilan shug‘ullangan bolaning tafakkuri boshqalarga nisbatan yaxshi rivojlanadi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda shaxmatni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish va uni ommaviy sport turiga aylantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning intellektual va madaniy rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yoshlarni tanlash, saralab olish va ularni professional shaxmatchilar va xalqaro grossmeysterlar sifatida tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha keng miqyosli ishlar olib borilmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 14 yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yanada rivojlanishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Qashqadaryo viloyatidagi bolalar va o‘smirlar sport maktablarida ham boshqa sport turlari qatori shaxmat bilan shug‘ullanuvchi yoshlar safi yildan-yilga kengayib bormoqda. Ular respublika va xalqaro miqyosdagi turnirlarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Masalan, viloyat sport o‘yinlari va yengil atletika sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi 2016 yil tashkil etilgan. Maktabda 9 ta sport turi mavjud bo‘lib, unda 27 nafar oliy ma’lumotli, tajribali trenerlar faoliyat olib bormoqda, shu jumladan, shaxmat sport turi bo‘yicha ham.
[gallery-986]
Ayni paytda maktabda shaxmat sport turi bo‘yicha jami 45 nafar yosh aql gimnastikachilari shug‘ullanayotgan bo‘lsa, shundan 13 nafarini qiz bolalar tashkil etadi. Ularga ta’lim berayotgan 3 nafar oliy ma’lumotli trenerning 2 nafari oliy toifali. Maktabda shaxmatni o‘rgatish uchun 6 ta guruh tashkil etilgan bo‘lib, shundan, “O‘quv mashq guruhi”da 37 nafar, “Sportda kamolotga erishish guruhi”da 8 nafar sportchi shug‘ullanib kelmoqda.
Maktab tashkil etilganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsada, erishilgan natijalar salmoqli. Masalan, u yerda shaxmat bilan shug‘ullanuvchi sportchilarning 16 nafari sport ustaligiga nomzod, 24 nafari 1-sport, 5 nafari 3-sport toifasiga ega. Sportchilardan 8 yoshli Shahzod Islomov hali yosh bo‘lishiga qaramay ikki karra Osiyo chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, Abdumalik Xalilov, Gulxida Ilhomova, Gulhayo Majitova, Aminaxon Sodiqova respublika musobaqalari va xalqaro turnirlarda g‘olib va sovrindor bo‘lishgan.
– Maktabda asosan darsdan keyin shug‘ullanaman, – deydi Qarshi tumanilik Shahzod Islomov. – Bu yerda biz uchun barcha sharoit yaratilgan. 5 yildan buyon ustoz-murabbiylardan shaxmat sirlarini o‘rganib kelyapman. 3 yildan buyon musobaqlarga qatnashib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kirityapman. 2019 yilda Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida ishtirok etib, sovrindorlar safidan o‘rin oldim va Gruziyada o‘tkaziladigan jahon chempionatiga qatnashish uchun yo‘llanmaga ega bo‘ldim. Ushbu musobaqa o‘tgan yili o‘tkazilishi kerak edi, ammo pandemiya sababli kechiktirildi. Endigi maqsadim ushbu musobaqada g‘olib bo‘lib, jahon chempioni bo‘lish.
O‘.BAROTOV, J.NORQOBILOV (surat), O‘zA