Yosh ekologlar Buxoroda jam bo‘ldi
Buxoroda Davlat ekologiya qo‘mitasining yosh mutaxassislari ishtirokida Respublika o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi.
O‘quv-seminari va ekologik ekspeditsiya dasturi 3 kunga mo‘ljallangan bo‘lib, dasturning birinchi kunida yoshlar muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha taqdimotlar va Buxoro ixtisoslashtirilgan Jayron pitomnigiga sayohat qildi.

Buxoro shahridagi “Yoshlar markazida” bir qator hamkor tashkilotlar, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi Buxoro viloyati boshqarmasi, Buxoro Davlat universiteti Ekologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida amaliy seminar o‘tkazildi.
Unda qo‘riqxonada amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Shuningdek, hozirgi kunda ishlab chiqarish korxonalarining oqova suvlarni tozalash bo‘yicha dolzarb bo‘lgan muammo va yechimlar bo‘yicha taqdimot qilindi.

Ishtirokchilar Buxoro viloyatiga olib kelingan zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalarini amaliyotda qo‘llash yuzasidan ma’lumotga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 iyundagi “Atrof muhitning ifloslanish darajasini baholash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Davlat ekologiya qo‘mitasi va viloyatlar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalari tahliliy laboratoriyalarini zamonaviy uskunalar bilan ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda.

Buxoro viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi laboratoriyasiga ham 10 turdagi yuqori aniqlikda ishlovchi uskunalar olib kelingan.
– Ekologiya bilan bog‘liq muammolar jiddiy xavf solayotgan bugungi kunda insoniyat uning har qanday sinovlariga tayyor turishi hayotiy zaruratga aylanmoqda, – deydi Davlat ekologiya qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i O‘lmas Sobirov. – Ob-havo o‘zgarishi, suvning ifloslanish darajasi, shamol yo‘nalishi va tezligi haqida o‘z vaqtida xabardor bo‘lish bizni kutilmagan ofatlardan himoya qilish barobarida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish imkonini ham beradi.

Ekologiya boshqarmalari huzuridagi ilmiy laboratoriyalar hududlarda ekotizim bilan bog‘liq tahlillarni o‘tkazadi. Laboratoriyaga olib kelingan yangi uskunalar esa o‘ta yuqori aniqlikka ega bo‘lib sanoqli daqiqalarda ko‘rsatkichlarni olish imkonini beradi. 20 milliard so‘mga 10 turdagi 159 dona turli xil zamonaviy uskunalar xarid qilindi. Bu uskunalar oldingilaridan tubdan farq qiladi.

Respublikada birinchilardan bo‘lib Buxoro viloyatiga olib kelingan uskunalar avtomatik tarzda tahlil natijalarini chiqarib beradi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar Buxorodagi “Yetti pir”ni ziyorat qildi.
Zarif Komilov, O‘zA