Yosh bojxonachilar uchun sayohat
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasiga biriktirilgan shahardagi 30-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan sayyor dars mashg‘ulotida nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirgan holda o‘quvchilarga bojxona ishi bilan bog‘liq keng ko‘lamli ma’lumotlar taqdim etildi. Unda “Yosh bojxonachi” to‘garak mashg‘ulotlarining doimiy faollari qatnashdi.
“Yosh bojxonachi” to‘garak mashg‘ulotlarining doimiy faollari dastlab “Buxoro” TIF bojxona postida bo‘ldi. Mazkur postning ish jarayoni bilan yaqindan tanishish barobarida soha faoliyati bo‘yicha tushunchaga ega bo‘lishdi. Bo‘lajak bojxonachilarga bojxona omborlari va ularning ishlash tartibi haqida ma’lumot berildi.



Amaliy dars davomida bojxona ishi bilan bog‘liq ko‘plab savollarga javob berildi. “Yosh bojxonachi” to‘garagi qatnashchilariga Ark qo‘rg‘oniga tashkil etilgan sayohat katta taassurot qoldirdi. Bu yerda o‘quvchi-yoshlar viloyat hududidagi qadimiy shaharsozlik namunasi bilan tanishdi. Qadimdan mavjud bo‘lgan bojxona nazorati shakllari va XIX asrdagi bojxona tartib-tamoyillari haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

E’tiborlisi shu kuni bo‘lib o‘tgan sayohatda o‘quvchi-yoshlar nafaqat bojxona organlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi, balki soha tarixini ham o‘rgandi.
Zarif Komilov,
O‘zA