Yosh atletlar O‘zbekiston chempionatida bahslashmoqda
Poytaxtimizda yengil atletika bo‘yicha U18 yosh toifasidagi O‘zbekiston chempionatining ikkinchi kungi bahslari o‘tkazilmoqda. Ayni vaqtga kelib ertalabki dasturda bir qator yo‘nalishlarda g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ldi.
Xususan, o‘smirlar o‘rtasida 5000 metr masofaga sportcha yurish bahslarida Abrorxon Saidov 24:14.66 natija bilan chempionga aylangan bo‘lsa, Dilnura Aliyeva 27:09.34 natija bilan qizlar orasida oltin medalga sazovor bo‘ldi.
400 metrga to‘siqlar osha yugurish bo‘yicha qizlar o‘rtasida Aziza Abdullayeva (1:06.16) marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. O‘smirlar orasida ushbu masofada o‘tgan bellashuvlarda Umidjon Ziyodulloyev mamlakat chempioniga aylandi.

Ko‘pkurash dasturida ham qiziqarli bahslar tashkil etildi. O‘nkurashning 110 metrga to‘siqlar osha yugurish bellashuvida Og‘abek Normo‘minov eng yaxshi natijani qayd etdi. Disk uloqtirish bahsida Ibrohim Isroilov peshqadam bo‘lgan bo‘lsa, langarcho‘p bilan sakrash yo‘nalishida yana Og‘abek Normo‘minov birinchi o‘rinni egalladi.
Yettikurash bahslarida qizlar o‘rtasida uzunlikka sakrashda Safina Abduvaliyeva, nayza uloqtirishda esa Angelina Ishmuratova eng yaxshi natijani qayd etdi.
Shuningdek, qizlar va o‘smirlar o‘rtasida 200 metrga yugurish bahslarining saralash bosqichi yakunlanib, final ishtirokchilari nomi aniqlandi. Finallarda mamlakatning eng kuchli yosh sprinterlari chempionlik uchun kurash olib boradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA