“Yorjon” qishlog‘i sayyohlarni chorlashga tayyorlanmoqda
Buxoro viloyati yurtimizning eng qadimiy va obidalarga boy hududlaridan biri bo‘lib, bu yerga yilning har faslida sayyohlar oqimi uzilmaydi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizm sohasiga qaratilgan e’tibor va amaliy ishlar natijasida Buxoro viloyatining tarixiy, madaniy hamda tabiiy salohiyatini yanada kengroq namoyon etish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Buxoro viloyatida iqtisodiy faollikni oshirish, aholi farovonligini ta’minlash hamda turizm sohasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar belgilangan. Ushbu qaror doirasida Buxoro tumanidagi “Oybek” mahallasining “Yorjon” qishlog‘iga “Turizm qishlog‘i” maqomini berish rejalashtirilmoqda.

Tuman hokimligi mas’ullari boshchiligida tegishli tashkilotlari vakillari ishtirokida “Yorjon” qishlog‘ining turizm salohiyatini o‘rganish maqsadida hududdagi tabiiy go‘zalliklar, tarixiy joylar, milliy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan hayot tarzi va mavjud infratuzilma imkoniyatlari o‘rganildi.

Mutasaddilar tomonidan qishloqda turizmni rivojlantirish bo‘yicha bir qator istiqbolli loyihalar muhokama qilindi. Jumladan, infratuzilmani modernizatsiya qilish va yo‘l-transport tizimini yaxshilash, mahalliy aholining xizmat ko‘rsatish sohasidagi malakasini oshirish, milliy hunarmandchilik va mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, ekologik, etno va agro-turizm yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, oilaviy mehmon uylari hamda servis xizmatlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, mutaxassislar tomonidan “Yorjon” qishlog‘ining tarixiy, tabiiy va madaniy jihatdan o‘ziga xos turistik markazga aylanishi uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi. Xususan, hududda sayyohlik xizmatlarini rivojlantirish, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xizmatlar sifatini oshirish va brend qishloq konsepsiyasini shakllantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Mazkur tashabbus amalga oshgach, “Yorjon” qishlog‘i viloyatning yangi sayyohlik maskanlaridan biriga aylanib, nafaqat mahalliy aholi bandligini ta’minlaydi, balki xorijiy sayyohlar uchun ham milliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan manzil sifatida tanilishi kutilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbirlari.