Yopiq muassasalardagi sharoitlar o‘rganildi
Inson huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilish jamiyatda qonuniylik va adolatni ta’minlashning muhim shartlaridan biridir. Ayniqsa, erkinligi cheklangan shaxslarning huquqlariga rioya etilishi, ular uchun munosib yashash sharoitlari yaratilishi hamda shafqatsiz muomalaning oldini olish doimiy e’tibor va samarali nazoratni talab qiladi.
Ana shu maqsadda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova boshchiligida Ombudsman Devoni xodimlari hamda Ombudsman huzuridagi qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlarining oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari a’zolari Buxoro viloyatidagi bir qator yopiq muassasalarga monitoring tashriflarini amalga oshirdi.
Monitoringda Qorovulbozor tumanidagi 17-son, Kogon tumanidagi 1-son jazoni ijro etish koloniyalari hamda Buxoro shahridagi 4-son tergov hibsxonasidagi sharoitlar atroflicha o‘rganildi.
Tashriflar davomida muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoitlari, oziq-ovqat ta’minoti va tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, saqlash kameralari va tibbiyot xonalarining holati, videokuzatuv tizimlarining ishlashi hamda shaxslarni ko‘rikdan o‘tkazish tartiblari o‘rganildi.

Zero, insonning erkinligi cheklangani uning boshqa huquqlari va qadr-qimmatiga bo‘lgan e’tibor susayishi mumkinligini anglatmaydi. Aksincha, bunday muassasalarda har bir shaxsga nisbatan qonuniy, insonparvar va hurmatga asoslangan munosabatni ta’minlash, uning salomatligi hamda xavfsizligini muhofaza qilish muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, monitoring tadbirlari nafaqat mavjud sharoitlarni baholash, balki ehtimoliy qonunbuzilishlarni o‘z vaqtida aniqlash, inson huquqlari buzilishining oldini olish va mas’ul idoralar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga ham xizmat qiladi.
Monitoring jarayonida muassasalarga o‘rnatilgan “Ombudsman quti”lari orqali kelib tushgan murojaatlar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, saqlanayotgan shaxslar bilan bevosita muloqot qilish, ularning muammolarini tinglash va huquqlarini himoya qilish maqsadida sayyor qabullar o‘tkazildi. Bunday muloqotlarning ahamiyati shundaki, inson huquqlariga rioya etilishi faqat hujjatlar yoki belgilangan tartib-taomillar bilan emas, balki shaxslarning real sharoiti, murojaatlariga munosabat va muammolarning amalda hal etilishi bilan ham baholanadi. Shu bois kelib tushgan murojaatlarni xolisona o‘rganish, har bir masalaga qonunchilik talablari asosida yondashish va zarur choralarni ko‘rish muhimdir.

Monitoring tashriflari yakunida o‘rganish natijalari asosida tahliliy ma’lumotlar tayyorlanadi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tegishli ta’sir choralari kiritiladi. Eng muhimi, monitoring samarasi faqat kamchiliklarni qayd etish bilan emas, balki ularni bartaraf etish, takrorlanishining oldini olish va inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan amaliy natijalar bilan belgilanadi.
Chunki huquqiy davlatda inson qadri har qanday sharoitda ustuvor bo‘lishi, uning huquq va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishi shart. Buxoro viloyatida o‘tkazilgan monitoring tadbirlari ham yopiq muassasalarda qonuniylikni ta’minlash, insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlash va huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi nazorat mexanizmlarining muhimligini yana bir bor namoyon etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri