Yonilg‘i qimmatligi respublikachilar mag‘lubiyatiga sabab bo‘lishi mumkin
Benzin va dizel yonilg‘isi narxi ko‘tarilishi 3-noyabrga belgilangan AQSH Kongressi saylovi oldidan Amerikada norozilikni kuchaytirdi. Iqtisodiy vaziyat Prezident Donald Tramp va Respublikachilar partiyasiga jiddiy zarba berishi mumkin.
“The Guardian” tomonidan 15-oktabrda chop etilgan “Harris Poll” so‘roviga ko‘ra, amerikaliklarning 67 foizi yonilg‘i va oziq-ovqat narxini asosiy tashvish sifatida baholagan. Respondentlarning to‘rtdan uch qismi retsessiyadan qo‘rqadi, 61 foizi iqtisodiyot allaqachon inqirozda ekaniga ishonadi.
Ayni payt mamlakatda yillik inflyatsiya taxminan 3,7 foizga yetgan. Ajablanarlisi – AQSH rekord miqdorda neft ishlab chiqarib, eksport qilayotgan bo‘lsa-da, yonilg‘i qimmatligi saqlanib qolmoqda.
Polshaning “Interia” nashri holatni 28-fevral kuni AQSH va Isroil hujumi tufayli boshlangan Eron bilan mojaroga bog‘lagan. Hurmuz bo‘g‘ozi bo‘ylab yuk tashuviga tahdid, neft infratuzilmasiga qilinayotgan hujumlar jahon energiya narxi o‘zgarishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Ta’kidlanishicha, Tramp qiyin tanlovga duch kelgan. Yonilg‘i eksporti cheklanishi dunyo bozori va Amerika kompaniyalariga zarar yetkazadi. Rossiya bilan dizel yonilg‘isi yetkazish bo‘yicha kelishuv esa saylovdan oldin narxni sezilarli darajada tushirishi ehtimoli yiroq. Kundalik narx-navodan norozilik davom etsa, demokratlar Kongressning har ikki palatasida ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritishi mumkin. Natijada Prezident faoliyati qiyinlashib, impichment jarayoniga yo‘l ochilishi mumkin.
S.Rahimov, O‘zA