Yong‘inga qarshi maxsus texnikalar topshirildi (+video)
O‘rmon va tog‘li hududlarda sodir bo‘ladigan yong‘inlarni o‘chirishning bir qancha mashaqqatli jihatlari bor. Avvalo, bunday joylarda maxsus texnikalar harakatlanishi qiyin, olov tez tarqaladi, havo orqali o‘chirilganda olov o‘choqlari qolib ketish ehtimoli yuqori. Ana shunday vaziyatda yengil, ko‘chma yong‘inga qarshi vositalar asqotadi.
Poytaxtimizda Ekologiya vazirligi huzuridagi O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi tomonidan joylardagi davlat o‘rmon xo‘jaliklariga yong‘inga qarshi kurashish uchun maxsus texnikalar topshirdi. Tadbirda agentlik mas’ullari, o‘rmon xo‘jaligi xodimlari, soha mutaxassislari ishtirok etdi. Ularga maxsus texnik vositalar yordamida o‘rmon yong‘inlarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar qilindi.
Shundan so‘ng 40 ga yaqin hududiy o‘rmon xo‘jaliklariga 250 dona motopompa va yana shuncha miqdorda mexanik suv purkagich va 200 dona benzinli suv purkagich texnikalari topshirildi. Endilikda ushbu vositalar yordamida o‘rmon xo‘jaliklari xodimlari yong‘inlarning oldini olish va uni tezkorlik bilan bartaraf etish imkoniga ega bo‘ladi. Jami qiymati qariyb 90 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan ushbu jihozlar O‘rmon agentligi va Jahon banki tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash” loyihasi doirasida xarid qilingan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda o‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishning oldini olish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va yong‘in xavfini kamaytirishdan iboratdir.
Zamonaviy texnik vositalar bilan ta’minlangan o‘rmon xo‘jaliklari yong‘in xavfsizligi bo‘limlariga kelgusida o‘z faoliyatini yanada samarali tashkil etishda va o‘rmonlarni asrab-avaylashda, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekiladigan ko‘chatlarni sug‘orishda ham qulaylik yaratildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/P8rA0nCibrY" title="Yong‘inga qarshi maxsus texnikalar topshirildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Anvar Ahmedov, O‘zA