"Yong‘indan qutqaruvchilar" jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi
Sirdaryo viloyatida favqulodda vaziyatlar tizimi xodimlarining kasbiy salohiyatini yanada yuksaltirish, ularning jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash hamda xizmat faoliyatida tezkorlik, chaqqonlik va chidamlilik sifatlarini rivojlantirish maqsadida “Yong‘in-qutqaruv sporti” bo‘yicha viloyat birinchiligi yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur musobaqa nafaqat sport bellashuvi, balki qutqaruvchilarning real xizmat sharoitiga yaqin vaziyatlarda o‘zini qanday tuta olishini sinovdan o‘tkazuvchi muhim maydon bo‘lib xizmat qildi. Unda ishtirokchilar maxsus to‘siqlardan o‘tish, balandlikka tezkor chiqish, yong‘inni bartaraf etishga oid amaliy mashqlar kabi shartlar asosida baholandilar. Bu esa ularning jismoniy tayyorgarligi bilan bir qatorda kasbiy ko‘nikmalari, qaror qabul qilish tezligi va jamoada ishlash mahoratini ham namoyon etish imkonini berdi.


Ta’kidlash joizki, bunday musobaqalar favqulodda vaziyatlarda inson hayotini saqlab qolishdek mas’uliyatli vazifani bajarayotgan qutqaruvchilarning malakasini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Zero, har bir mashq va bellashuv ortida haqiqiy hayotda yuz berishi mumkin bo‘lgan xavfli holatlarga tayyorgarlik yotadi. Bu esa xodimlarning nafaqat jismonan, balki ruhan ham barkamol bo‘lib shakllanishiga xizmat qiladi.
Musobaqa qizg‘in va murosasiz bahslar ostida kechdi. Viloyatning barcha shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan jamoalar yuqori tayyorgarlik bilan qatnashib, har bir shartda g‘alaba uchun so‘nggi imkoniyatgacha kurashdilar. Ayniqsa, ayrim bosqichlarda soniyalar hisobi hal qiluvchi ahamiyat kasb etgani bellashuvlarga yanada keskinlik bag‘ishladi.


Yakuniy natijalarga ko‘ra, yuqori natija va barqaror chiqishlari bilan ajralib turgan Guliston shahrining "Yong‘indan qutqaruvchilar" jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2-o‘rinni “Sirdaryo IES” aksiyadorlik jamiyati ob’ektlar yong‘in xavfsizligi bo‘linmasi qutqaruvchilari, 3-o‘rinni esa Boyovut tumani jamoasi egalladi.
Musobaqa so‘ngida sovrindorlar va faol ishtirokchilarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri