Yong‘in o‘chirish musobaqasi
“Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasida tuzilgan fuqaro muhofazasi tuzilma guruhlari va ko‘ngilli yong‘in o‘chirish drujinalari a’zolari o‘rtasida yong‘in o‘chirish bo‘yicha amaliy sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 19 sentyabrdagi “Aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga va fuqaro muhofazasi sohasida tayyorlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan musobaqada fuqaro muhofazasi tuzilma guruhlari va ko‘ngilli yong‘in o‘chirish drujinalari a’zolaridan iborat 6 ta jamoa ishtirok etdi.
Xodimlarning yong‘in xavfsizligi borasidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan musobaqaning ochilish marosimida korxona huzuridagi 27-Yong‘in-qutqaruv qismi shaxsiy tarkibining ko‘rgazmali chiqishi namoyish etildi. Shundan so‘ng ishtirokchilar turnikda tortilish, yong‘in o‘chirish avtomobilidan ikkita yeng (51 mm) va dastakni o‘rnatib yoyilishi, o‘rnatilgan uch tirsakli narvondan o‘quv minorasining 3-qavatiga ko‘tarilish kabi bosqichlar bo‘yicha o‘zaro bahslashdi.
Musobaqa yakunida g‘olib va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri