Yo‘lovchini yonidan giyohvand modda chiqdi
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan Do‘stlik tumani hududida harakatlanib ketayotgan “Kobalt” rusumli avtomashina to‘xtatilib, tekshirilganda yo‘lovchilarning birini yonidan giyohvand modda chiqib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
“Qoradori – 2023” keng qamrovli profilaktik tadbiri davomida olingan tezkor ma’lumotga asosan Do‘stlik tumani Manas MFY hududida joylashgan “Manas –14” YPX maskanida Termiz –Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan fuqaro boshqaruvida bo‘lgan “Kobalt” rusumli avtomashina viloyat IIB xodimlari tomonidan to‘xtatilib tekshirilganda avtomashinaning old yo‘lovchi o‘rindig‘ida o‘tirib kelayotgan yo‘lovchi o‘zini shubhali tarzda tuta boshlagan. Shu sabab IIB mutasaddilari xolislar ishtirokida shaxsiy tintuv o‘tkazgan.
Tintuv chog‘ida fuqaroning yonidan qog‘oz va polietilen bo‘laklariga o‘ralgan holdagi 6 dona har xil shakldagi qoramtir-jigarrang tusdagi, o‘ziga xos o‘tkir hidli, qayishqoqsimon giyohvand modda borligi aniqlanib, tegishli tartibda xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib olingan.
Mazkur holat yuzasidan Do‘stlik tuman IIB huzuridagi TB tomonidan ushbu fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 273-moddasi 5-qismi (Giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
A.QAYUMOV, O‘zA