Yo‘llari ravon hududda farovonlik bo‘ladi
Poytaxtimizning Yangihayot tumanida hudud yo‘llarini ta’mirlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, bu borada galdagi vazifalar tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda tuman obodonlashtirish boshqarmasi mas’ullari tomonidan bu boradagi ishlar haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, tumanda 320 ta ko‘cha bo‘lib, shundan 30 tasi asosiy, 200 tasi kichik va tor, 90 tasi berk ko‘chalar hisoblanadi. Mavjud ko‘chalarning ta’minlash ishlari bosqichma-bosqich davom etmoqda.
Joriy yilning yanvar oyidan boshlab tumandagi «Charog‘on», «Iqbol», Yo‘ldosh, «Choshtepa», Xushnud, Al-Farg‘oniy, «Yorqin hayot», «Chortoq», «Yangi Darxon», «Toshkent» va «Fayzli» mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi yo‘llarda asfaltlash, ta’mirlash ishlari olib borildi.
«Obod mahalla» davlat dasturi asosida Chortoq mahallasi hududida 74 ming kvadrat metr maydonni ta’mirlash rejalashtirilgan. bugungi kunda 10 ming 500 kvadrat metr hudud ta’mirlangan. 63 ming 500 kvadrat metr maydonda ta’mirlash ishlari davom etmoqda.
Yil yakuniga qadar «Olchazor», «Ibrat», «Yangi turmush», «Binokor», «Xo‘ja Uchqun» mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi ichki yo‘llar ta’mirlanishi ko‘zda tutilgan, - deydi tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Jasur Abulqosimov. - Tumanimiz yangi bo‘lgani bilan yo‘llar ta’mirtalab, hududlarda ko‘kalamzorlashtirishga ehtiyoj bor. Barchasi bosqichma-bosqich hal etilmoqda. Aholiga barcha sharoitlar yaratib berishga harakat qilyapmiz. Zero, yo‘llar ravon hududda farovonlik bo‘ladi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga mutasaddilar batafsil javob berdi.
D.Mamatova, O‘zA