Yo‘l-yo‘lakay Kubani egallash: Trampning hazilimi yoki?..
AQSH yetakchisi Donald Tramp Kuba bilan boliq yana bir keskin bayonot berdi. U Eronga qarshi urushdan keyin “yo‘l-yo‘lakay” Kubaga nisbatan harbiy harakat amalga oshirilishi mumkinligini hazilomuz tarzda bildirdi. Baribir, bu gap Vashington yana bir mojaroga tortilishi ehtimolidan xavotirni kuchaytirdi.
Prezident so‘zlarida “USS Abraham Lincoln” nomi ham tilga olindi. Uning aytishicha, ushbu ulkan harbiy kema Kuba sohili yaqiniga kelib to‘xtashi va “taslim bo‘lish” holati yuzaga kelishi mumkin.
Kuba atrofidagi vaziyat yangi sanksiya tufayli yanada taranglashdi. AQSH hukumati iqtisodiyotning energetika, mudofaa, moliya va konchilik kabi asosiy tarmoqlariga aloqador shaxslarga nisbatan cheklov joriy qildi. Shuningdek, inson huquqi buzilishi va korrupsiyada ayblangan amaldorlarga qarshi vizaviy taqiq kiritildi.
Kuba tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges Parrilya mazkur choralarni “jamoaviy jazo” deb atab, qat’iy qoraladi. Uning ta’kidlashicha, ayni qarorlar xalqaro huquq me’yoriga zid va mamlakat suverenitetiga bosim o‘tkazishga qaratilgan. Shu bilan birga Migel Dias-Kanel Vashington bilan muzokara faqat tenglik va o‘zaro hurmat asosida kechishi mumkinligini yana bir bor ta’kidladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA