Yo‘l-transport hodisalari ortishida ota-onalar aybdormi?
Andijon viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va uning quyi tizimlari tomonidan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, piyodalar xavfsizligini ta’minlash, aholi, ayniqsa, yoshlarning yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha bilim va tushunchalarini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning dastlabki to‘rt oyi davomida viloyat hududida 195 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etildi. Qayd etilgan avtoavariyalarning 141 ta holatida transport vositasi egasi yoki piyoda tan jarohati olgan bo‘lsa, 54 ta yo‘l-transport hodisasi o‘lim bilan yakunlangan. Yo‘l-transport hodisalarining 92 tasi piyodalar aybi bilan sodir etilgan.
Bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari o‘tgan yilning ana shu davriga nisbatan 114,3 foizga ortgan. Shu o‘rinda nima uchun piyodalar, ayniqsa, bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari ortib bormoqda, ana shu hodisalarning oldini olish mumkin edimi? Yoki piyodalar, xususan, bolalar yo‘l harakati xavfsizligi qoidalaridan yetarli darajada xabardor etilmayaptimi? degan savol tug‘iladi.

– Olib borilayotgan keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlariga qaramasdan viloyatda bolalar ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari 114,3 foizga, buning oqibatida jarohat olish holati 137,5 foizga, vafot etish bilan bog‘liq holatlar esa 40 foizga ortgan, – deydi Andijon viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Matbuot xizmati boshlig‘i, katta leytenant Diyorbek Abdurazzoqov. – Ana shundan kelib chiqib, mazkur yo‘nalishda olib boriladigan zarur ishlar bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Jumladan, alohida farmoyish asosida viloyatda joriy yil 10 maydan 10 iyunga qadar “Harakat xavfsizligi oyligi” profilaktik tadbirlari o‘tkazilmoqda. Targ‘ibot-tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish maqsadida shaxsiy tarkib xodimlari viloyatdagi barcha maktablarga biriktirildi, maktab o‘quvchilari ishtirokida 500 ga yaqin tadbirlar o‘tkazildi. Piyodalar, xususan, bolalar ishtirokida yo‘l-transport hodisasi eng ko‘p sodir etilgan Andijon shahrida aholi va bolalar bilan bevosita ish olib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mehnat jamoalari, ta’lim muassasalarida uchrashuv, muloqot va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Andijon shahridagi 2-, 4-, 13-, 45- va 55-umumta’lim maktablarida boshqa maktablar o‘quvchi va o‘qituvchilari jalb etilgan holda o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarlar doirasida bolalarning yo‘l harakati xavfsizligi borasidagi bilim va tushunchalarini oshirishga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar, mahorat darslari tashkil etildi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida ko‘plab maktab o‘quvchilari bila turib, oddiy yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik holatlari ko‘p bora qayd etildi. Ming afsuski, aksariyat holatlarda buning oqibatida yo‘l-transport hodisalari yuzaga kelgan. Ana shunday qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan bolalar va ularning ota-onalari bilan bevosita ishlar olib borilmoqda. Bunday holatni qayta sodir etgan 94 nafar bolaning ota-onasi Andijon shahar hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyasi tomonidan jarimaga tortildi.

Ota-onalarining mas’uliyatsizligi, farzandlarining nazoratiga e’tiborsiz qarashlari tufayli ayrim maktab o‘quvchilari do‘stlari bilan serqatnov shahar ko‘chalarida bemalol avtomobil boshqarib yurish holatlari qayd etilayotganligi yanada tashvishlidir.
– Hali maktab o‘quvchisi bo‘lgan farzandlari qanchalar suyukli, erkatoy bo‘lmasin, ularning mashina boshqarishiga ruxsat berayotgan ota-onalar juda katta xatoga yo‘l qo‘ymoqda, – deydi Andijon shahrida yashovchi mehnat faxriysi Bahromjon Zokirjonov. – Bu bilan ular eng avvalo, farzandining hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda, qolaversa, amaldagi qonun va tartiblarni qo‘pol ravishda buzmoqda. Bunday holatga yo‘l qo‘ygan ota-onalarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi kerak.

Har bir insonning hayoti qadrli. Ana shu hayotimizni, bebaho salomatligimizni asrab-avaylash eng avvalo, o‘zimizga bog‘liq. Shunday ekan, transportda, yo‘llarda yurganda yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilishga alohida e’tibor qaratishimiz muhimdir. Transport vositasi haydovchilari, piyodalar bir-birlarini hurmat qilgan holda yo‘llarda tartibli, madaniyatli harakatlanishga o‘rganishi lozim. Shundagina ko‘plab insonlarni hayotdan bevaqt olib ketayotgan yoki umrbod nogironlik aravachasida yurishga mahkum etayotgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olishimiz mumkin.
Faxriddin UBAYDULLAEV,
Zuxriddin UMRZOQOV (surat), O‘zA