Yo‘l tanlashdan oldin yo‘ldosh tanlash muhim
Har bir inson voyaga yetgach, ilmiy, ma’naviy kamolotdan tashqari muhim bosqichga duch keladi. U ham bo‘lsa, oila qurish bosqichi. Bu bosqich shu qadar muhimki, kishining butun umrlik hayot tarzi bunda mujassam.
Shunday ekan, bu muqaddas qo‘rg‘onga qadam qo‘yishdan oldin uning mohiyatini chuqur anglab yetish talab etiladi. Zotan, tasavvufda yo‘l tanlashdan oldin yo‘ldosh tanlash muhim degan tushuncha keng falsafiy ma’noga ega. Darhaqiqat, hayot yo‘llarida inson eng ko‘p munosib yo‘ldoshga muhtoj.
Oilada nafaqat turmush farovonligi, balki ma’naviy birdamlik, ruhiy yaqinlik g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Negaki, inson fitratida har qachon kimdandir ishonch, mehr va suyanch his qilib yashash istagi bor. Bularsiz hech bir kishi biror bir muvaffaqiyatga erishmog‘i imkonsiz. “Odam taftini odam oladi” degan maqol ham shu mezonlardan kelib chiqib aytilgan. Bunda kishining eng yaqin do‘sti esa uning umr yo‘ldoshi bo‘lishi nur ustiga nur.
Umuman olganda, oila va uning mo‘’tabarligi borasida fikrlar oqimi cheksizdek go‘yo. Biroq, bunda og‘riqli nuqtalarga ham to‘xtalmay iloj yo‘q. Ma’lumki, barqaror jamiyat asosini mustahkam oilalar tashkil etadi. Shunday bo‘lsa-da, ajrimlar sonining ortib borishi kishini xavotirga soladi. Masalaning mohiyatiga qaralganda esa yuqorida sanalgan omillarga e’tiborsizlik oilalar buzilishiga olib kelmoqda.
Mamlakat taraqqiyotiga ma’lum bir sohani yuksaltirish orqaligina erishib bo‘lmaydi. Shu ma’noda so‘nggi yillarda bu masalaga ham jiddiy yondashilmoqda. Xususan, erta turmushning oldini olish, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohga yo‘l qo‘ymaslik shular jumlasidan.
Ushbu islohotlar o‘zining ijobiy samarasini berib, yoshlar, ayniqsa qizlar ta’limga faol jalb qilinmoqda. Bundan ko‘zlangan yagona maqsad ilmli onalar komil farzandlar tarbiyalashiga ishonchdir.
Yangi O‘zbekistonda davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan yangi, shaffoflikka qurilgan siyosatning maqsadi eskicha dunyoqarashdan voz kechish, erkin fikrlilik va teng imkoniyatni ta’minlashdan iborat. Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deganlaridek, buning mohiyatini hali anglab yetmaganlar ham uchrab turibdi.
Xususan, o‘z farzandlari taqdiriga nisbatan jiddiy yondashmayotgan ota-onalar ana shunday toifalardan. Ular farzandlari ustidan uning maqsadlari, xohish-istaklariga qaramay, majburiy hukm chiqaradilar. Bu esa yoshlar kelajagiga juda salbiy ta’sir o‘tkazadi. Bir narsani alohida ta’kidlash kerakki, hech qachon maqsadlari bir bo‘lmagan, bir-birini qalban his qilmagan juftlikdan aslo baxtli oila vujudga kelmaydi. Zero, muqaddas kitoblarimizda ham oila qurishga majburlash qattiq qoralanadi.
Xulosa qilib aytganda, oila qurishdan oldin har bir detalga alohida yondashmoq talab etiladi. Bunda muhim bo‘lmagan detalning o‘zi yo‘q. Buning uchun esa ham kattalardan, ham yoshlardan faqat va faqat saviya talab etiladi.
Bu darajaga esa kitob o‘qish va tafakkur qilish orqali erishiladi. Zotan, kitobxonlik targ‘ibotlari ham shu maqsadda amalga oshirilmoqda. Shundagina baxtiyor oilalar va farovon jamiyat barpo etmog‘imiz mumkin. Bu yo‘lda har birimiz o‘z mas’uliyatimizni munosib ado etsak, albatta ko‘zlangan maqsadimiz hosil bo‘ladi.
Sherbek Islomov, O‘zA