Yo‘l ravon bo‘lsa, manzil ham yaqin bo‘ladi
Hozirgi kunda Qamchiq dovoni osha o‘tiladigan yo‘llarni ta’riflab o‘tirishga hojat yo‘q. Bu yo‘llar doimiy ravishda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi "Qamchiqavtoyo‘l" ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasining (IYFUK) doimiy nazoratida. Korxona mutasaddilari va ishchilari dovon osha harakatlanayotgan yo‘lovchilarning xavfsizligini ta’minlash uchun qishin yozin doimo harakatda.
Ularning qay darajada mehnat qilayotganliklarini dovon yo‘llaridan tez-tez o‘tib turuvchi hamyurtlarimiz yaxshi bilishadi. Ta’kidlash joizki, keng va ravon yo‘llar, zamonaviy magistrallar, eng so‘nggi texnologik yutuqlarni o‘zida mujassam etgan muhtasham ko‘priklar, yerosti yo‘llari infratuzilmaning tarkibiy qismi hisoblanadi. Bugun mamlakatimizdagi umumiy foydalanishdagi yo‘llarning asosiy qismini asfalt-beton qoplamali zamonaviy yo‘llar tashkil etadi. Ayniqsa, Qamchiq dovonidan o‘tgan yo‘l yo‘lsozlarimizning jasorati va mahoratini namoyish etgan ulkan bir inshoot, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Keyingi yillarda Qamchiq dovoni yo‘llariga bo‘lgan e’tibor tubdan o‘zgardi. Bugun dovondan o‘tsangiz yo‘llarning ravonligidan, tozaligidan bahri dilingiz yayraydi. Albatta, bu ishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Bunda "Qamchiqavtoyo‘l" IYFUK mutasaddi va ishchilarining xizmati beqiyos. Korxona ishchilari qishning qahratonida yoki yozning saratonida deysizmi hamisha sabot va matonat, hamjihatlik bilan ish olib boradi.

Dovon yo‘llarining har qarichi e’tibordan chetda qolmaydi. Ayni vaqtda ham Qamchiq dovoni yo‘llaridagi yo‘l belgilari "Qamchiqavtoyo‘l" IYFUK yo‘lsozlari tomonidan yangilanmoqda.

Xullas, dovon yo‘llarida saqlash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Har kuni yuz mingdan ortiq kishining uzog‘i yaqin qilinib, o‘n minglab tonna yuklar manziliga tez va bexatar yetib borishida korxona ishchilarining xizmati beqiyos.
"Qamchiqavtoyo‘l" IYFUK
axborot xizmati