Yo‘l qurilishiga xususiy sektor jalb qilinadi
Davlatimiz rahbarining joriy yil 10 oktyabrdagi “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, avtomobil yo‘llarida bajariladigan ish turlari qurish va rekonstruksiya qilish, ta’mirlash hamda saqlashdan iborat bo‘ladi.
Hujjatga asosan, 2024 yil 1 yanvardan loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, yo‘l-qurilish ishlarini amalga oshirish, shuningdek, ularni qabul qilib olishda hajm va sifat ko‘rsatkichlarini nazarda tutadigan tizim (“hajm uslubi”) joriy etiladi. Avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlangan ob’ektlarning asosiy konstruktiv elementlari bo‘yicha kamida uch yillik kafolatli xizmat qilish muddati joriy qilinadi.
Shuningdek, yilning harorat yuqori bo‘lgan vaqtlarida avtomobil yo‘llarida yuk tashuvchi transport vositalari va avtopoyezd (tirkama)larning (maxsus transport vositalaridan tashqari) harakatlanishiga mavsumiy cheklovlar o‘rnatiladi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘yida yashil hududlarni barpo etish doirasida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi “O‘zyo‘lko‘kalamzorlashtirish” davlat muassasasining hududiy bo‘linmalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tasarrufiga o‘tkaziladi.
2024 yil 1 yanvardan tajriba-sinov tariqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda uzunligi 20 kmgacha bo‘lgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektor jalb qilinadi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibida “O‘zyo‘lko‘prik” klasteri va uning hududiy filiallari, “Avtomobil yo‘llari texnik holati tahlili va harakat xavfsizligi markazi” davlat muassasasi tashkil etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva tayyorladi, O‘zA