Yo‘l qoidasi – umr foydasi
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida joriy yilning 30 iyunida o‘lim bilan bog‘liq yo‘l transport hodisasi ro‘y bergani to‘g‘risidagi tasvirlar ijtimoiy tarmoqda tarqaldi.
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari, kapitan Abulqosim Ahmedov ushbu hodisaga rasmiy munosabat bildirdi.

– Kuni kecha, joriy yilning 30 iyun kuni kunduz soat 10.50. lar atrofida Toshkent – Termiz M-39 yo‘lining 997-kilometrida Buxoro viloyati Jondor tumani ibn Sino mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi shaxs boshqaruvidagi “Chakman” rusumli avtotransport vositasini shu yo‘nalishda boshqarib ketayotgan paytida Samarqand viloyati Payariq tumani Imom Buxoriy mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro boshqaruvidagi “Epika” rusumli avtoulovni orqa tomonidan urib yuborgani fojea yuz berishining asosiy sababi bo‘lgan, – deydi kapitan Abulqosim Ahmedov. – Oqibatda “Epika” yo‘lovchisi, Payariq tumani Imom Buxoriy mahallasida yashovchi fuqaro voqea joyida vafot etgan. Xuddi shunday mazkur avtoulov ichida bo‘lgan, Xorazm viloyati Xiva tumani Jarayon mahallasida istiqomat qiluvchi ayol kishi shifoxonaga yotqizilgan va u ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan shifoxonada vafot etgan.

Bundan tashqari, ushbu yo‘l transport hodisasi natijasida Toshkent shahri, Jizzax, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi shaxslar boshqaruvidagi “Lacetti”, “Sinotruk”, “Howo”, “Cobalt”, “Nexia-3” to‘qnashib ketgan. Oqibatda mazkur avtoulovlarga turli darajada texnik shikast yetgan. Ushbu avtomashinalarda bo‘lgan haydovchi va yo‘lovchilar jabrlanmagan. Holat yuzasidan tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shu o‘rinda Jizzax shahrini G‘allaorol tumani va boshqa viloyatlar bilan bog‘lovchi Uchtepa – Jizzax 4R-38 yo‘lining 34-35 kilometrlari oralig‘ida Sangzor daryosi ustidagi ko‘prik ta’mirlanayotgani, mazkur yo‘lning 33- kilometrida yo‘l o‘tkazgich qurilayotganini ta’kidlash joiz. Mazkur jihat 4R-38 yo‘lida avtotransport vositalari harakatining cheklanishiga sabab bo‘layotir. Bu esa Toshkent – Termiz M-39 yo‘lining 981 va 1012-kilometrlari oralig‘ida avtoulovlar harakatining sezilarli darajada ortishiga olib keldi. Shu ma’noda barcha haydovchilardan yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilishni, avtomashinalar harakati tig‘iz bo‘lgan yo‘nalishlarda hushyor bo‘lish so‘ralmoqda.
A.QAYUMOV, O‘zA