Yo‘l qoidasi – umr foydasi
BIRNI KO‘RIB FIKR QIL...
– O‘g‘limiz 22 yoshga kirdi, barcha o‘rtoqlarining mashinasi bor, biz ham unga mashina olib beraylik, – dedi Nazira xo‘jayini Adhamjonga iltimos ohangida.
– Avval o‘g‘ling yaxshilab mashina haydashni o‘rganib olsin, avtomaktabda o‘qisin, keyin olib beraman, – dedi Adhamjon ayoliga rad javobini berarkan.
– Mashina haydashni o‘rganib olish qochmas, siz avval olib beravering, asta-asta o‘rganadi. Qishloqda yashasak, keng ko‘chalarda birpasda o‘rganib oladi. Bolamning zehni o‘tkir.
Xullas, Naziraning qistovi bilan Adhamjon o‘g‘li Bahromga “Neksiya” avtomashinasini olib berdi. Yangi mashinani ko‘rgan onaning xo‘jayiniga bergan va’dasi ham unutildi. Bahrom avtomaktabga borib o‘qish o‘rniga qishloq ko‘chalarida mashina haydashni o‘rgandi.
Qishloqda mashina haydash oson, svetofor ham, turli-tuman chiziqlar ham yo‘q. Ammo shaharga yoki tuman markaziga borsa, boshi qotib, shoshib qolishini o‘ylamagan Bahrom avtomaktabga borib o‘qishni o‘ziga ep ko‘rmadi. Shuncha qiz-juvonlar boshqarib yurgan ulovni men eplolmaymanmi, albatta, o‘rganaman, degan fikr uni chalg‘itdi. Bir-ikki marta ko‘chada mashinani “uchirib” haydab yurganini ko‘rgan otasi kalitni o‘g‘lidan olib qo‘ydi, ammo onasi rahmdillik qilib, qaytarib olib beraverdi.
– Sen o‘g‘lingning mashina haydashiga beparvo bo‘lmagin. Hali “opiti” yo‘q. Xudo ko‘rsatmasin, biror falokatni boshlasa, keyin o‘zingni kechirolmay yurasan.
Umrida mashina ruliga o‘tirmagan ayol haydovchilik mas’uliyatini qayerdan bilsin? Bilganida, bu haqida tushunchasi bo‘lganida, o‘g‘lini shu ishga undarmidi?
Dushanba kuni Bahrom ishdan qaytgach, onasiga bugun kechqurun tuman markazidagi tanishinikiga mehmonga borishini aytdi. O‘g‘il onasidan mashinani minib ketishga ruxsat so‘radi. Ona ham dadasiga sezdirmay mashinada ketaverishini, sezib qolsa, chalg‘itib turishini, iloji boricha ertaroq qaytishni tayinladi. Onadan minnatdor o‘g‘il “toychoq”ni minib, o‘rtoqlari bilan yo‘lga tushdi.
Ziyofat ko‘ngildagidek o‘tdi. Bahrom ruldaman, mumkin emas, deyishiga qaramay, jo‘ralari uni yuz gramm aroq ichsa, hech narsa qilmasligiga ishontirishdi. Ziyofat tugab, tun qoraygan payti yo‘lga tushishdi. Tuman markaziga yetganida Bahrom rulni boshqarolmay, esankiray boshladi. Ro‘parasidan kelayotgan katta mashinani ko‘rib, tamoman o‘zini yo‘qotib qo‘ydiyu mashina rulini boshqarolmay, yo‘l chetidagi kattakon daraxtga borib urildi.
Mashina saloni orqasida o‘tirgan ikki og‘aynisi falokat sodir bo‘lgan paytidayoq omonatini topshirib, vafot etdi. Salon yonida o‘tirgan og‘aynisi va Bahromning hayotini shifokorlar zo‘rg‘a saqlab qolishdi. Ikki do‘stining olamdan bevaqt ko‘z yumishiga sababchi bo‘lgan Bahrom shifoxonadan tuzalib chiqqach, to‘g‘ri sud zaliga yo‘l oldi. Marhum do‘stlarining yetim qolgan farzandlari va ota-onasining dod-faryodi-yu ta’na-dashnomlari boshini egdi.
Sud jarayoni uzoqqa cho‘zilmadi. Axir, jinoyat alomatlari yaqqol ko‘rinib turibdi. Haydovchilik guvohnomasisiz rulga o‘tirgan yigitning orzu-havasi uning panjara ortiga tushish bilan yakunlandi. O‘z farzandining jinoyat ko‘chasiga kirishiga, qonunga bo‘ysunmay harakat qilishiga sherik bo‘lgan onaizor esa boshini changallab qoldi. Endi uning afsus-nadomati, oh-vohlaridan ne naf? Ikki oilada o‘sayotgan guldek bolalar yetim bo‘lib qoldi. Naziraning o‘g‘li Bahrom belgilangan jazo muddatini o‘tab bo‘lgach, bir kuni uyiga qaytar, ammo to‘rt nafar bolaning otalari hech qachon uylariga qaytib kelmaydi, qaytmaydi...
Qissadan hissa shuki, har bir inson mashina ruliga o‘tirishdan oldin haydovchilik guvohnomasini olishi, buning uchun, albatta, o‘qishi zarur. Yo‘l qoidasi – umr foydasi, deb bejiz aytishmaydi. Sizning yo‘l qoidasiga doir arzimagan xatoyu kamchiligingiz kimningdir umriga zavol yetkazishi mumkinligini unutmang. Zero, hushyorlik hamisha davr talabidir.
Homid BOBOQULOV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudining sudyasi,
Nigora RAHMONOVA,
jurnalist.
O‘zA