Yo‘l qoidalarga amal qilganlarni yoqtiradi
Barchamiz istaymizmi, yo‘qmi deyarli har kuni yo‘l harakati ishtirokchilariga aylanamiz. Yo‘l esa qoidalarga amal qilganlarni yoqtiradi. Bu har birimizning hayotimiz va sog‘ligimiz garovidir. Ushbu qoidalarga amal qilmasdan harakatlanish esa yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lishiga, buning oqibatida fuqarolarning hayoti va sog‘ligiga zarar yetishiga sabab bo‘ladi.
So‘nggi yillarda yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, sodir etilishi mumkin bo‘lgan yo‘l transporti hodisalarining oldini olish va haydovchilarni tartibga chaqirish maqsadida yo‘llarda turli ko‘rinishdagi qoidabuzarliklarni qayd etuvchi moslamalar o‘rnatila boshlandi. Ular soni ortgani sari radarlardan qochishga urinishlar ham ko‘paya boshladi. Biroq hozir so‘z ular haqida emas. Balki qoidabuzarlik qilib belgilangan jarimani o‘z vaqtida to‘lashni paysalga solib kelayotgan haydovchilar endi hushyor tortishlari aniq. Sababi Buxoroda bu kabi haydovchilarni aniqlash uchun keng ko‘lamli tadbirlar boshlandi. Shahar ko‘chalarida maxsus avtomashinalar jarimadan qarzdorligi bo‘lgan va qidiruvdagi avtomashinalarni qayd etishni boshladi.
– Xususan, o‘tgan 5 kun mobaynida ma’muriy jarimalarni undirish bilan bog‘liq bir necha yuzlab avtomashinalarning qarzdorliklarini undirish ishlari ta’minlandi, – deydi Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Axborot guruhi katta inspektori, kapitan Ulug‘bek Shukurlayev. – Shuningdek, 144 ta avtotransport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirildi. Qidiruvdagi 52 ta avtotransport vositalari topildi. 79 avtotransport vositalari davlat ijrochilari tomonidan xatlandi.
Ijro hujjatlarining ijrosini ta’minlash jarayonida, bir shaxsning 10 dan ortiq huquqbuzarlik sodir etib, to‘lamasdan kelayotgan ma’muriy jarimalarini undirishga asosiy e’tibor qaratilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, 10 va undan ortiq marotaba yo‘l harakati qoidalarini buzgan 27 nafar fuqaroning 48 ta ma’muriy jarimasi mavjudligi aniqlandi. Ushbu qarzdorliklarni undirish ishlari tashkil etilmoqda.
[gallery-14891]
Shu bilan birga viloyat hududidan o‘tuvchi M-37 avtomobil yo‘lining 212 km da joylashgan Sarmijon YPX maskaniga ham xuddi shunday moslama o‘rnatildi. Viloyatga kirayotgan va hududdan chiqib ketayotgan avtomashinalar orasida jarima to‘lovlari aniqlangan va qidiruvda bo‘lgan avtomobillar aniqlanmoqda. Qurilmaning yana bir qulayligi unga mos ravishda maskanga ovoz kuchaytirgich ham o‘rnatilgan bo‘lib qurilma aniqlagan avtomobil haqidagi xabar u orqali e’lon qilinadi. YPX inspektori esa avtomashinani to‘xtatib haydovchidan qarzdorlikni undiradi. Qarzdorlik bartaraf etilmagan taqdirda avtomashina shu yerning o‘zidan jarima maydoniga olib ketiladi.
Bu kabi tadbirlardan ko‘zlangan maqsad albatta haydovchilarni jazolash emas, avvalo haydovchilarni hushyorlikka chaqirish va imkon qadar yo‘l qoidalarini buzmaslikni ta’minlashdan iborat. Negaki har qanday qoidabuzarlik eng kamida oilaviy byudjetga zarar yetkazadi. Eng yomon holatda esa inson hayoti va sog‘ligi uchun xavf tug‘diradi.
Viloyat hududida piyodalar ishtirokida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘tkazilayotgan “Diqqat piyoda!” oyligi davomida, xodimlar tomonidan piyodalar ishtirokidagi noxush holatlarning, yo‘l-transport hodisalari va huquqbuzarliklarning kelib chiqish sabablari va sharoitlarini tahlillari asosida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, piyodalarga qulayliklar yaratish borasida bir qator samarali ishlar amalga oshirildi.
– Birgina tadbir davomida avtomobil yo‘llari va shahar ko‘chalarida jami yetishmayotgan 49 dona yo‘l belgilari o‘rnatildi. 75 dona yo‘l belgilari nur qaytaruvchi yo‘l belgilarga almashtirildi, – deydi kapitan Ulug‘bek Shukurlayev. – 5 km masofadagi yo‘l yotiq chiziqlari hamda 27 ta piyodalar o‘tish joylari chizildi. Shuningdek 3 dona avtotransportlar va piyodalar harakatini tartibga soluvchi svetofor qurilmalari rejimlari o‘zgartirildi. 1 ta joyda esa piyodalar o‘tish joyida svetofor qurilmalari ustunlari o‘rnatildi. Yana bir ahamiyatli jihatlardan bir 24 ta piyodalar o‘tish joyida (“fialka” tipidagi) yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Viloyatning barcha shahar va tumanlarida jami 2,5 km uzunlikdagi piyodalar yo‘laklari (trotuarlar) qurildi. 1,6 km uzunlikda piyodalar yo‘lakchalari (trotuarlar)ga yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Bu o‘z navbatida haydovchilarni, piyodalar va boshqa harakat ishtirokchilarining xavfsiz harkatlanishiga zamin yaratadi.Viloyatda tirbandlikning hosil bo‘lishiga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlar tizimli ravishda tahlil qilinadi. Yo‘l-transport hodisalari va yo‘llar bandligining oldini olish, shahar ko‘chalarida tirbandliklarni kamaytirish, piyodalar va transport vositalarinngi harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilishi davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (video, surat), O‘zA muxbirlari.