Yog‘ning narxi nega keskin oshib ketdi?
Mamlakatimizda so‘nggi vaqtlarda kungaboqar va paxta yog‘ining narxlari keskin ko‘tarilishi kuzatildi. Tabiiyki, ko‘pchilik yurtdoshlarimiz bunga qanday omillar sabab bo‘layotgani bilan qiziqmoqda.
Yog‘ mahsulotlari narxining oshishi bilan bog‘liq holatga aniqlik kiritish maqsadida O‘zA muxbiri Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan bog‘landi.
Qo‘mita matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, mart-aprel oylarida kungaboqar va paxta yog‘i narxlari keskin oshgan. Buning birinchi sababi, O‘zbekistonga kungaboqar yog‘i asosan Rossiyadan import qilinadi. bugungi kunda ushbu davlatda kungaboqar hosili kamaygan.
Yana bir muhim ma’lumotga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Ichki bozorlarda narxlar keskin o‘sishiga, birinchi navbatda, tashqi bozorlardagi narxlar oshishi ta’sir etgan. O‘zbekiston import yog‘ geografiyasi bo‘yicha kungaboqar yog‘ini Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina davlatlaridan import qiladi.
Mamlakatimizga joriy yilning o‘tgan davrida 68 foiz yog‘ Rossiya, 26 foizi Qozog‘iston va 6 foizi Ukrainadan import qilingan. Rossiyadan import qilingan bir tonna kungaboqar yog‘ining narxi 2020 yil dekabr oyida o‘rtacha 900 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yil mart oyiga kelib 1 ming 250 dollarni tashkil etdi. Narxlar o‘rtacha o‘sishi 39 foizni tashkil etmoqda. Ushbu davlatda bugungi kunda kungaboqar urug‘i narxi dekabr oyiga nisbatan 50 foizga, kungaboqar yog‘i qariyb 40 foizga oshgan. 1 litr paxta yog‘ining o‘rtacha chakana narxi 2020 yil aprel oyida o‘rtacha 9 ming 600 so‘m, dekabr oyida 12 ming 500 so‘m, bugungi kunda 14 ming so‘mni tashkil etmoqda.
Sanitariya qoida va me’yorlariga muvofiq, respublikamiz bo‘yicha yiliga taxminan 300 ming tonnadan ortiq o‘simlik yog‘i talab etiladi. 2020 yilda aholi iste’moli uchun 450 ming tonnadan ziyod o‘simlik yog‘i muomalaga chiqarilgan bo‘lib, shundan 50 foizdan ko‘p qismi import qilingan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Rossiya Federatsiyasi komissiyasining 26 martdagi qaroriga muvofiq, dempfermexanizmi belgilandi. Mazkur mexanizmga asosan bir yil muddatga kungaboqar yog‘i uchun bazaviy narx (1000 dollar) va Reuters agentligining indikativ narxi o‘rtasidagi tafovutdan 70 foiz eksport boji belgilandi. Bundan tashqari, kungaboqar urug‘i eksportiga qo‘llaniladigan yuqori bojxona bojlari stavkasi amal qilish muddati uzaytirildi va qayta ko‘rib chiqildi.
Xalqaro ekspertlar tomonidan 2020/2021 hosil yilida kungaboqar ishlab chiqarish hajmi jami 50 million tonna (o‘tgan davrga nisbatan 9 foiz kam), Rossiyada 13,5 million tonna (o‘tgan davrga nisbatan 12 foiz kam)ni tashkil etishi baholangan.
Yuqoridagi omillar, import asosida olib kelinadigan kungaboqar yog‘i va urug‘i narxlarining oshishi mahalliy paxta yog‘i narxlariga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.
Kungaboqar yog‘i narxidan kelib chiqqan holda, to‘qimachilik klasterlari va kooperatsiyalari tomonidan texnik paxta chigiti narxlarining muntazam oshirib borilishi kuzatilmoqda. Birja savdolarida paxta yog‘i o‘rtacha mart oyida 11 ming 800 so‘mdan sotilgan bo‘lib, bugungi kunda 14 ming 970 so‘mni tashkil etmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, ichki bozorda o‘simlik yog‘i narxlarini barqarorlashtirish maqsadida mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqarilmoqda.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA