Yodgorlik majmuasiga sayohat
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasining bir guruh xodimlari Toshkent shahrida joylashgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida bo‘lib, Ikkinchi jahon urushi qahramonlariga bag‘ishlangan tarixiy obidalar bilan yaqindan tanishdi.
Safar davomida qoraqalpog‘istonlik bojxonachilar “Shon-sharaf” davlat muzeyi, “Matonat madhiyasi”, “Mangu jasorat”, "Ko‘z yoshi" monumentlarini o‘z ichiga olgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasining tarixiy materiallarini ko‘zdan kechirishar ekan, urush yillarida ko‘rsatilgan jasorat, fidokorlik va front ortidagi og‘ir mehnatni yana bir bora ko‘z oldiga keltirishdi. Noyob tarzda barpo etilgan betakror majmuada xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida vafot etgan bojxona xodimlarini xotirlash burchagining tashkil etilganligi ular qalbida faxr tuyg‘ularini yana bir bor jo‘sh urdirdi.



Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Qahramon xalqimizga munosib bo‘lib, ham me’moriy jihatdan, ham tarixiy-ma’naviy jihatdan g‘oyat noyob va mahobatli obida bo‘lib qad rostlagan” mazkur betakror majmua navqiron avlodlarimizni bugungi tinch va osuda hayotni ardoqlash hamda mustaqillikning qadriga yetish, doimo ogoh va hushyor bo‘lib yashash, Vatan himoyasiga tayyor turish ruhida tarbiyalashda katta ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri