Yo‘lovchilar xavfsizligi – bosh maqsadimiz
Toshkent viloyatida “Yo‘l harakati xavfsizligi targ‘iboti kuni” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Toshkent viloyatida “Yo‘l harakati xavfsizligi targ‘iboti kuni” tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent viloyati IIBB YHX boshqarmasining joylardagi bo‘lim, bo‘linmalari xodimlari asosiy e’tiborni yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar mas’ul xodimlari va haydovchilari bilan targ‘ibot suhbatlariga qaratdi.
Targ‘ibot suhbatlarida yo‘lovchilarni belgilangan manziliga yetkazishda yo‘l harakati qoidalariga rioya etish lozimligi aytib o‘tilishi bilan bir qatorda, yo‘lovchi tashuvchi transport vositasi va uning haydovchisiga ertalab ishga chiqishdan oldin qo‘yiladigan talablar yana bir bor eslatib o‘tildi.
Transport vositasining texnik holatiga mas’ul bo‘lgan navbatchi mexaniklarning majburiyatlaridan tortib, haydovchining sog‘lig‘i uchun mas’ul bo‘lgan tibbiyot xodimining vazifalari ham tushuntirildi.
Bundan tashqari, yo‘lovchilarni tashish madaniyati, muomala madaniyati yuqori saviyada bo‘lishi bilan bir qatorda, ayniqsa ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlarda ham harakatlanish qoidalariga qat’iy rioya etish lozimligi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, targ‘ibot suhbatlari davomida erta tongdan to kechgacha xalq xizmatida bo‘lib, xalqimizning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilayotgan namunali rahbarlar va haydovchilar, shuningdek, ularning yillar davomidagi samarali mehnati ham tilga olindi.
Rustam ASQAROV,
Toshkent viloyati IIBB YHXB
Matbuot bo‘linmasi boshlig‘i.