“Yilning eng yaxshi yordamchi-agenti – 2025”
Navoiy shahrida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yilning eng yaxshi yordamchi-agenti – 2025” tanlovining Navoiy viloyati bosqichi g‘oliblari taqdirlandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki mas’ul xodimi Ramazon Barnoyev, Markaziy bank Navoiy viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Xalilov so‘zga chiqib, tizimda amalga oshirilayotgan ishlar va ularning samarasi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yordamchi-agentlar mahalladagi har bir xonadonda va aholi orasida bank xizmatlarini ommalashtirish, moliyaviy savodxonlikni oshirish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini bank xizmatlariga qiziqtirish orqali tadbirkorlik faoliyatini boshlash va kengaytirish bo‘yicha “mahalla bankiri”ga yaqindan ko‘maklashib kelmoqda.

Tanlovning 1-bosqichida 233 nafar yordamchi-agentlar faol ishtirok etib, ulardan 33 tasi tanlovning 2-bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan edi.
2-bosqichda yordamchi-agentlar biznesga yo‘naltirilgan bank mahsulotlari targ‘iboti, firibgarlardan ogohlikka chaqirish bo‘yicha targ‘ibot, omonatlar bo‘yicha targ‘ibot olib borish kabi 3 ta mavzuda noan’anaviy foto va video lavhalarini tayyorlab, o‘z targ‘ibotlarini ijtimoiy tarmoqlarda yoritdi.


Yakunda 11 nafar yordamchi-agent 3-bosqichda ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Tanlov yakunida g‘olib yordamchi-agentlarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA