“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” aniqlandi
“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” kasbiy ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi yakunlandi.
Unda 70 nafar viloyat bosqichi g‘oliblari “Eng yaxshi metodist-tarbiyachi”, “Eng yaxshi ijodkor tarbiyachi”, “Innovatsion va axborot texnologiyalarni qo‘llaydigan eng yaxshi tarbiyachi” nominatsiyalari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
Tanlovning Respublika bosqichi g‘oliblari tantanali ravishda taqdirlandi, Faxriy diplomlar bilan mukofotlanib, moddiy rag‘batlantirildi hamda oliy ta’lim muassasalarining “Maktabgacha ta’lim” yo‘nalishiga o‘qishga kirish uchun imtiyozga ega bo‘lishdi.
– Mazkur “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” kasbiy ko‘rik tanlovi 3 yildan kam bo‘lmagan mehnat stajiga ega O‘zbekiston Respublikasidagi maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilari o‘rtasida o‘tkazildi, – deydi tantanali tadbirda ishtirok etgan maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin. – Tanlov maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachilarining pedagogik mahorati va ijodiy qobiliyatini rivojlantirishga, ularning ilg‘or tajribalarini ommalashtirishga, innovatsion ta’lim texnologiyalarni ta’lim-tarbiya jarayoniga joriy etishga qaratilgan. O‘ylaymanki, ushbu tanlovda ishtirok etish va g‘olib bo‘lishga har bir tarbiyachi harakat qilib, o‘z ustida ishlaydi.


Mohigul Qosimova, O‘zA