“Yil ayoli” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Nukusda “Yil ayoli” tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘oliblari taqdirlandi.
Mamlakatimizda iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish, bandligini ta’minlashga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joylarda «Ayollar daftari»ni shakllantirish va unga kiritilgan xotin-qizlar muammolari, ehtiyojlari va qiziqishlarini tizimli o‘rganish, tahlil qilish va hal etish borasidagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 5 martdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroribu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xotin-qizlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi roli tobora ortmoqda. Davlatimiz rahbari lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida “Hozirgi vaqtda xonadonlarimizning fayzu farishtasi bo‘lgan, farzandlarimizni barkamol insonlar etib tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan ayollarimiz barcha islohotlarimizda faol ishtirok etmoqdalar. Hurmatli onalarimiz, opa-singillarimizga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining uzviy qismi bo‘lib kelayotgani sizlarga yaxshi ma’lum”,degan edi.
Xotin-qizlarni har tomonloma qo‘llab-quvvatlash maqsadida yaratilgan “Ayollar daftari” orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasida 48 ming 491 nafar ayolga moddiy-ma’naviy, huquqiy, psixologik yordam ko‘rsatildi. Shu jumladan, 7 ming nafariga o‘zlarining tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun 67 milliard so‘mdan ziyod kredit ajratildi. “Ayollar daftari” jamg‘armasidan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga 13 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ berildi.
“Yil ayoli” tanlovini o‘tkazishdan maqsad mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, yuksak ma’naviyatli, oilada va farzand tarbiyasida ibrat, o‘zlari faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlar nufuzini oshirishda faol ishtirok etayotgan turli soha egalari bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or tajribalarini ommalashtirishdan iborat.
Tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida Kegayli tumanidagi “Orzu” fermer xo‘jaligi rahbari Palzada Saliyeva birinchi, To‘rtko‘l tumanidagi “Shoraxon” ovul fuqarolar yig‘ini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari O‘ringul Allabergenova ikkinchi, Qonliko‘l tumanidagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Nigora Allambergenova uchinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, “Yilning eng vatanparvar ayoli”, “Yilning eng ilg‘or tadbirkor ayoli”,“Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli”, “O‘z kasbining ustasi bo‘lgan yil ayoli”,“Yilning eng kuchli ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotchisi”, “Yilning eng jonkuyar ustozi”, “Yilning eng faol sog‘lom turmush tarzi tashkilotchisi”, “Yilning eng yangi g‘oyalar tashabbuskori” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.
Tanlov g‘oliblariga tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. San’at ustalarining konsert dasturi tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA