Yigirma toʻrt yil deganda ushalgan orzu
Mustaqil, tinch va obod yurtning fuqarosi boʻlish, uning himoyasida yashash har bir insonning chin maʼnodagi baxti sanaladi.
Oʻzgargan taqdirlar...
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan keyingi yillarda yuzlab hamyurtlarimizga Oʻzbekiston fuqaroligi berilishi Vatanimiz taraqqiyoti va ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan insonlar hayotida yangi, mazmunli sahifa ochdi.
Mustaqil, tinch va obod yurtning fuqarosi boʻlish, uning himoyasida yashash har bir insonning chin maʼnodagi baxti sanaladi. 2020-yil 13-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni ham mamlakatimizda yashab turib, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga ana shunday baxtni ulashdi.
Poytaxtimizning Shayxontohur tumani Gulobod mahallasida istiqomat qiluvchi Muzaffar Ashirov 24 yil deganda ushalgan orzusi haqida soʻzlab berdi.
– Qirgʻiziston Respublikasining Oʻsh viloyatida oʻsib ulgʻayganman, – deydi M.Ashirov. – Katta akam Oʻzbekistonda yashardi. Akamning toʻkis hayotiga havas qilib, 1996-yil bu yerga koʻchib kelganman. Xudoga shukur, shu yerda uylanib, ikki farzandli, uyli-joyli, bagʻri keng qoʻni-qoʻshni, doʻstu birodarli boʻldim. Quruvchilik qilaman. Yashashdan kamim yoʻq. Men hali Oʻzbekistondan boshqa joyda yashash baxtini tasavvur qila olmaganman. Lekin bolaligim oʻtgan qishlogʻimni sogʻinardim, Oʻzbekistonning shirmoy patirlaridan olib borib, bir-ikki kun qarindosh-urugʻlarimni bagʻrimga bosib, ota-onamning holidan xabar olib kelgim kelardi. Ammo Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi degan hujjatim yoʻqligi bundan meni mahrum qilardi. Onam vafot etganlarida ham bora olmadim. Chunki menga Qirgʻizistonga chiqish taqiqlangan edi. Ona yuzini soʻngi bor koʻra olmaganim mening armonim boʻldi.
Menga berilgan vaqtinchalik hujjat bilan biror joyga ishga ham kirolmasdim. Ish uchun hujjat topshirsam, koʻplab tushunmovchilik va qiyinchiliklarga sabab boʻlardi. Xullas, fuqarolikni olgunimgacha boʻlgan vaqt oraligʻi men uchun juda qiyin kechdi. Bu holat men uchun aybdek tuyulardi. Shuning uchun buni hammadan bekitib yashadim. Hujjatlarimni ham ichki ishlar organiga tanish-bilishlarimdan bekitib topshirganman.
Uchinchi mart kuni kutilmaganda telefon boʻlib, fuqarolikni olganim haqida xabar qilishdi. Toʻgʻrisini aytsam, shuncha yil meni qiynab kelayotgan muammoga yechim topilganiga ishongim kelmasdi. Ayolimga, farzandlarimga bu xush xabarni qanday yetkazishni bilmay qoldim. Quvonchdan, hayajondan zoʻrgʻa oʻzimni qoʻlga olib, ularga xabarni yetkazganimda ularning xursandchiligini bir koʻrsangiz edi...
Shu kundan boshlab men Oʻzbekiston Respublikasining qonuniy fuqarosiga aylandim. Buning uchun inson qadrini ulugʻlagan Prezidentim Shavkat Mirziyoyevga cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman.