YeXHT DIIHB missiyasi rahbari bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev 15 sentyabr kuni Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB)ning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish missiyasi rahbari Ouen Merfi bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va YeXHT DIIHB o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
YeXHT DIIHBning tavsiyalarini tatbiq qilish, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksini takomillashtirish doirasidagi muvaffaqiyatli hamkorlik ta’kidlandi.
[gallery-3894]
Tomonlar, eng avvalo, inson huquqlari, so‘z, din va e’tiqod erkinligi, gender tengligi, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, demokratik yangilanishlarning huquqiy bazasini ilg‘or xalqaro amaliyot asosida mustahkamlash borasida uzoq muddatli va samarali sheriklikni davom ettirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishga ko‘maklashish, shu jumladan, saylovda ishtirok etish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatini yaratish, muddatidan oldin sayyor ovoz berish amaliyotini joriy etish va boshqa amaliy chora-tadbirlar bo‘yicha TIV va respublikaning xorijdagi muassasalari faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi.
S.RAHIMOV,
O‘zA muxbiri