YeXHT delegatsiyasi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati bilan tanishdi
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Bosh kotibi Feridun Sinirlio‘g‘lu boshchiligidagi delegatsiya poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati bilan tanishdi. Tashrif davomida mehmonlarga markazning asosiy yo‘nalishlari, ilmiy-ma’rifiy loyihalari hamda tarixiy merosni targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Delegatsiya a’zolari ushbu inshootda saqlanayotgan noyob qo‘lyozmalar, qadimiy manbalar va zamonaviy ko‘rgazmalarni ko‘zdan kechirdi. Islom sivilizatsiyasining ilm-fan va ma’rifat rivojidagi o‘rnini yorituvchi ekspozitsiyalar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
[gallery-29548]
Uchrashuv chog‘ida madaniy merosni asrash, bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash va xalqaro gumanitar hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar ma’rifiy yo‘nalishdagi qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish muhimligini qayd etishdi.
Ta’kidlanganidek, diyorimizda keyingi yillarda milliy merosni o‘rganish, uni xalqaro maydonda keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur tashrif ham mamlakatning ma’rifat va madaniy muloqot sohasidagi nufuzi tobora ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Musulmon Ziyo,
Nosirjon Haydarov (foto),
O‘zA