Yevroparlament Ukrainaning YeIga kirishini qo‘lladi
Yevroparlament noiblari Strastburgda o‘tgan yalpi majlisda a’zo davlatlarni Ukrainaga nomzod davlat maqomini berishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi.
Bu haqda tashkilot sayti xabar bermoqda.
Qarorni 438 deputat qo‘llab-quvvatladi. Qarshi ovoz 65 ta, 94 deputat betaraf qoldi.
“Yevropa parlamenti deputatlari Ukrainaga nomzod davlat maqomini berish taklifini qo‘llab, ukrain xalqi bilan hamjihat ekanini ko‘rsatmoqda”, deyiladi bayonotda.
Prezident Vladimir Zelenskiy 28 fevral kuni mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi haqidagi ariza-hujjatni yo‘llagan.
Ukrainaning YeIga integratsiyasi bilan bog‘liq muzokara davom etmoqda. Ushbu masala 23-24 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan sammitda ko‘rib chiqiladi.