Yevropadagi qurg‘oqchilikka odamlarning o‘zlari aybdormi?
Qurg‘oqchilik janub odamlariga begona emas, besh-o‘n yilda bir kuzatiladigan holat. Binobarin, odatda, yoz biroz salqin, qish nisbatan iliq keladigan Yevropa qit’asida bu yil issiq mavsum tarixda kamdan-kam uchraydigan yuqori harorat bilan o‘tayotgani barchani, jumladan, olimlarni ham xavotirga solib qo‘ydi.
Ispaniya, Fransiya, Italiya, Gretsiya, hatto, qit’a shimolida joylashgan Buyuk Britaniya va boshqa ko‘plab mamlakatlarda iqlim barqarorligi saqlanishi uchun muhim bo‘lgan yirik daryolar sathi pasayib ketishi yoki qurib qolishi qishloq xo‘jalik sohasiga juda katta ziyon keltirmoqda. Qurg‘oqchilik oqibatida ulkan daraxtzorlar alanga ichida qoldi, o‘rmonlarga yaqin istiqomat qilayotgan aholi xavfsiz joylarga ko‘chirildi. Harorat balandligi, havo bosimi yuqoriligi, ayniqsa, keksalarni mushkul ahvolga solmoqda. Havo harorati haddan ziyod yuqoriligi sharoitida qit’a mamlakatlarida o‘lim bilan bog‘iq holatlar bu yil har qachongidan ko‘p bo‘ldi.
Kamdan-kam kuzatiladigan bunday holatning sababi nimada?
Olimlar, ob-havoshunoslar bunga birinchi navbatda iqlim o‘zgarishini sabab qilib ko‘rsatayotgani shubhasiz. Milliy iqtisodiyotni yuksaltirish maqsadida tabiiy boyliklarni ayamay o‘zlashtirish, insonlarning xo‘jalik yuritish uslubi o‘zgarishi, hayotni yanada yengillatish uchun tabiatga ko‘rsatilayotgan zug‘um, kundalik iste’mol miqdori keskin oshib borishi, sanoat rivojlanishi – bularning bari atrof-muhit mana shunday ayanchli holatga kelishidagi bosh sabab ekanini bugun hech kim rad etmaydi, albatta.
Albatta, olimlar faqat shu omillarni ko‘rsatish bilan cheklanib qolishgani yo‘q. Ular qurg‘oqchilikning boshqa sabablari ham borligiga shubha qilishmayapti.
Masalan, yaqinda bir guruh olimlar Yevropada kuzatilayotgan issiq va quruq yoz Atlantika okeani bilan bog‘liq, degan farazni ilgari surishdi.
Tabiiyki, issiq, qurg‘oqchilik barcha mintaqalar kabi yevropaliklar uchun ham iqtisodiyotga, aholi salomatligiga jiddiy tahdid. Aytish joiz, Tumanli albion, deya ta’riflanadigan Angliyada so‘nggi yillardagi eng dahshatli qurg‘oqchilik kuzatildi. Fransiyada o‘rmon yong‘inlarini to‘xtatib bo‘lmayapti, Germaniyada Reyn daryosi sathi keskin pasaygan. “Daily Mail” nashri yozishicha, buning ikki sababi mavjud. Birinchisi - global isish va Azor aksil sikloni. Britaniyadagi “Met Offic” olimlari fikricha ham bu yil yoz Yevropada kuzatilgan haddan kuchli qurg‘oqchilikka “Azores” aksil sikloni sabab ekan.
Azor - Atlantika okeanidagi juda yuqori bosimli hudud. Mazkur aksil siklon ko‘pincha "yog‘ingarchilikni kechiktiruvchi hodisa" deb ham yuritiladi va subtropik uzra tushadigan quruq havodan hosil bo‘ladi. Qolaversa, Fransiya, Ispaniya, Portugaliya, Buyuk Britaniya va Germaniya yozda dahshatli issiq va yog‘ingarchilik keltirib chiqaradigan ushbu holat ta’siriga, ayniqsa, sezgir. Bu hodisa, odatda, Pireney yarim oroli mamlakatlariga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Binobarin, mutaxassislar joriy yil bu ob-havo hodisasi hajmi yiriklashib, boshqa Yevropa mamlakatlarida ham harorat ko‘tarilishiga olib keldi, deyishmoqda.
Aslida, mazkur aksil siklon o‘z ta’sirini, deyarli, butun Yevropaga tarqatsa-da, uzoq davom etmaydi. Bu yil esa, baxtga qarshi, butun yoz davomida yuqori harorat umuman tushmadi, yog‘ingarchilik juda kam kuzatildi yoki deyarli bo‘lmadi.
Meteorologlar so‘nggi 100 yil ichida Azor baland tog‘lari sezilarli kattalashganini ta’kidlab, bu hodisa yana davom etishini taxmin qilishyapti. Shuning uchun yoz Yevropada issiq to‘lqin va qurg‘oqchilikka boy keldi. Riding universiteti xodimi Nayjel Arnelning fikricha, bu yoz nafaqat Azor tog‘lari ulg‘aygan, balki global isish ham kuchaygan. - Bunday uzoq muddatli issiq va qurg‘oqchilik global iqlimni o‘zгартирмоқda, - deydi Arnell. - Olib borilgan kuzatuv natijasida, masalan, Buyuk Britaniyada so‘nggi 140 yil ichida eng issiq yil kuzatildi. Agar issiqxona gazi chiqindisi ko‘paymaganda, Azor aksil sikloni ta’siri bunchalik kuchli sezilmasdi. Endi qurg‘oqchilik tez-tez va kengroq hududlarda sodir bo‘laveradi.
Yaqinda ommaviy axborot vositalari Niderlandiyadagi Reyn daryosining Lobit qishlog‘idagi o‘zanida suv sathi rekord darajada pasaygani haqida xabar berdi.
2018 yil 29 oktyabr kuni Reyn daryosi sathi 6.49 metrni tashkil etgan va bu eng past ko‘rsatkich hisoblanardi. Bu yil avgust boshida hukumat jazirama to‘lqini ortidan qurg‘oqchilik kelgani tufayli suv tanqisligini e’lon qildi. Ba’zi joylarda yer egalariga ekin maydonini sug‘orish taqiqlandi. Rasmiylar, shuningdek, Niderlandiyadagi eng yirik ichimlik suvi manbalaridagi miqdorni ham kuzatib bormoqda. Ma’lumki, Niderlandiya qishloq xo‘jaligi sohasidagi yutuqlari bilan nafaqat mintaqada, balki dunyo bo‘yicha nom qozongan. Alhol, bu natijalar zamirida sohada qo‘llanayotgan yangi innovatsion texnologiyalardan tashqari, suvning ham o‘rni muhim ekanini unitmaslik kerak.
So‘nggi haftalarda issiq va quruq ob-havo tufayli Germaniyada ham Reyn daryosi sathi keskin pasaygan.
- Bu yil fransiyalik fermerlar uchun ham sinovli keldi, - deydi Fransiya poliz yetishtiruvchilar milliy assotsiatsiyasi rahbari Jak Rushasse “Franceinfo” radiokanali efiriga chiqishida. - Mamlakatda kuzatilgan qurg‘oqchilik poliz ekinlari va mevali daraxtlar hosilini, qariyb, 35 foiz qisqartirdi. Hosilga katta ziyon yetgan. Ko‘rilgan zararni 25-35 foiz hisoblayapmiz. Fransuzlar oziq-ovqat mustaqilligi va xavfsizligini ta’minlash uchun suvdan foydalanish tartibini vaziyatga qarab moslashtirishi zarur.
Fransiyaning "Meteo-Frans" milliy meteo xizmati ma’lum qilishicha, 2022 yil iyul oyi mamlakat tarixidagi ikkinchi eng issiq davr bo‘ldi. Qurg‘oqchilik natijasida mamlakatning ko‘p hududlarida suvdan foydalanishga cheklov joriy qilindi.
Yaqinda Fransiya o‘rmonlari olov iskanjasida qolayotgani haqida xabar tarqaldi. Endi Ispaniyada ham harorat keskin yuqorilab ketgani, mamlakat o‘rmonlariga yong‘in ofati yopirilayotgani ma’lum qilinmoqda. “Euronews” kanali hozirgacha olovli ofat 250 ming gektar ekin maydonini nobud qilganini aytdi.
Alikante provinsiyasida yong‘inni nazoratga olib bo‘lmayapti. Ofatni bartaraf qilishga harbiylar ham jalb etilgan.
Val-de-Ebo tumanida yong‘in 3.5 ming gektar o‘rmonni kulga aylantirdi. O‘tgan yakshanba kuni xavfli joylardan 1 ming 200 kishi ko‘chirildi. Saragosa provinsiyasi Anon-de-Monkayo tumanidan ham bir yarim ming kishi xavfsiz joyga olib chiqildi.
Yong‘in, hatto, Yevropaning Buyuk Britaniya kabi, nisbatan, sovuq hududiga ham tarqaldi. Dushanba kuni Surrey grafligida uy yonib ketdi. O‘t o‘chiruvchilar uy hayvonlarini arang qutqarib qolishdi.
Ikki yildan ko‘proq davom etayotgan pandemiya asorati, Ukranidaga harbiy harakatlar jahon bozorida oziq-ovqat mahsulotlari keskin qimmatlashishiga sabab bo‘ldi. Ana shunday murakkab sharoitda yil ham issiq kelishi, yog‘ingarchiliksiz o‘tayotgan ekin-tikin mavsumi qishloq xo‘jaligi sohasidagi muammolarni yanada keskinlashtirishi turgan gap. To‘g‘ri, hozircha ko‘pchilikka sezilmayotgandir, lekin ekspertlar haqiqiy asorat qishda namoyon bo‘lishi mumkin, degan farazni ilgari surishmoqda.
Demak, xavotirga tushishga asos bor.
S.Rahimov,
O‘zA