Yevropa nashri O‘zbekistonda tadbirkorlik muhiti yangi bosqichga chiqqaniga e’tibor qaratdi
Keyingi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotida kuzatilayotgan o‘zgarishlar xalqaro iqtisodiy doiralar diqqatini tobora ko‘proq jalb etmoqda. Shu ma’noda Germaniyaning iqtisodiy yo‘nalishda maqolalar e’lon qilib boradigan nufuzli nashri sanalgan “Ostwirtschaft.de” bu gal O‘zbekistondagi tadbirkorlik muhiti, yangilanish jarayonlariga alohida e’tibor qaratdi.
Manba O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotiga tayangan holda, 2026 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra yurtimizda 474 ming 899 ta faol korxona va tashkilot mavjud ekanini yuqori baholagan. Ularning salmoqli qismi tijorat sohasida faoliyat yuritmoqda. Jumladan, 407 ming 850 ta sub’ekt to‘g‘ridan-to‘g‘ri tijorat korxonalari hisoblanadi. Bu raqamlar mamlakatda xususiy sektorning hanuz iqtisodiy rivojlanishda hal qiluvchi o‘rin tutayotganini ko‘rsatadi, deyiladi maqolada.
Tahlilchilar ta’kidlaganidek, iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchi sifatida kichik va mikro-korxonalar yetakchilikni saqlab qolmoqda. Bu holat tadbirkorlik keng ommaga tayangan holda rivojlanayotganini anglatadi.

To‘g‘ri, oxirgi ikki-uch yil ichida korxonalar sonida muayyan qisqarish kuzatilgan. Xususan, 2023 yilda qayd etilgan rekord darajadagi — 592 mingdan ortiq korxona ko‘rsatkichidan keyin bozorda tabiiy tanlanish, ya’ni “filtrlanish” jarayoni ro‘y bergan. Germaniya mutaxassislari fikricha, bu tendensiya miqdoriy o‘sishdan ko‘ra, barqarorlik va raqobatbardoshlikka asoslangan sifatli rivojlanishga o‘tishni anglatadi.
Materialda sohaviy tarkib ham tahlil qilingan. Ayniqsa, Germaniya nashrini qiziqtirgan jihat xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar sonining keskin o‘sishidir. Ma’lumotga ko‘ra, bunday kompaniyalar soni 18 ming 164 taga yetgan, bir yil ichida 22 foizdan ortiq o‘sish qayd etilgan. Keyingi besh yil mobaynida esa ularning soni deyarli ikki barobarga oshgan.
E’tiborli jihati shundaki, xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarning qariyb 75 foizi to‘liq chet el investorlariga tegishli. Bu holat O‘zbekistondagi investitsiya muhitining ochiqligi, huquqiy kafolatlar va investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar samaradorligidan dalolat beriadi, deb yozgan manba.
Xulosa sifatida germaniyalik tahlilchilar O‘zbekiston iqtisodiyotini faol transformatsiya jarayonidagi bozor sifatida baholab, xorijiy sarmoyadorlarning mamlakat istiqboliga bo‘lgan ishonchi izchil ravishda mustahkamlanib borayotganini ta’kidlayapti.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA