Yevropa Ittifoqi Oliy vakili bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Samarqand shahrida Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrel bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Yevropa hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi. Mavjud aloqani yanada jadallashtirish va amaliy mazmun bilan boyitish muhimligi e’tirof etildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi munosabat sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib, ko‘p qirrali xususiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishelning mamlakatimizga rasmiy tashrifi hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning "Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo" sammitidagi ishtiroki konstruktiv va o‘zaro manfaatli muloqotning yangi o‘sish nuqtalarini belgilab olishga imkon berdi.
Tomonlarning siyosat, savdo va investitsiya, moliyaviy va texnik yordam, yuqori texnologiyalar, fan va ta’lim, ekologiya, turizm, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda sheriklikni mustahkamlash bo‘yicha birgalikda sa’y-harakat olib borishga tayyorligi tasdiqlandi.
J. Borrel ta’kidlashicha, YeI respublikada olib borilayotgan islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlaydi va Yangi O‘zbekistonning rivojlanish strategiyasini izchil amalga oshirishda yordam beradi. Shu bilan birga, mamlakatimizning zamonaviy tashqi siyosatiga yuksak baho berildi. Mazkur siyosat natijasi o‘laroq, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda o‘zaro anglashuv va ishonchga asoslangan yangi siyosiy muhit yaratilgani e’tirof etildi.
O‘zaro munosabat tarixida yangi sahifa ochadigan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim dastlabki bosqichda imzolangani olqishlandi. Ushbu hujjatni imzolash uchun ichki tartib-taomilni tezda yakunlash zarurligi ta’kidlandi.
Rejalashtirilgan tadbirlar jadvali, jumladan, O‘zbekiston-Yevropa Ittifoqi Hamkorlik kengashi va "Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo" Turizm anjumani yuzasidan fikr almashildi.
“Yashil” kun tartibini birgalikda ilgari surish, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, tabiiy boyliklardan ehtiyotkorlik bilan foydalanish orqali ekologiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqboliga alohida e’tibor qaratildi.
Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat ko‘rib chiqildi. Oliy vakil ushbu mamlakatda gumanitar inqirozning oldini olish uchun Afg‘oniston yakkalanishiga yo‘l qo‘ymaslik, lozimligi to‘g‘risida O‘zbekiston tomonining fikrini qo‘llab-quvvatladi.
"Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo" Vazirlar uchrashuvi hamda “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” o‘zaro bog‘liqlik: “Barqaror rivojlanish uchun global darvozalar” mavzusidagi xalqaro konferensiya mintaqalararo mushtaraklikni yanada rivojlantirishga yordam berishiga ishonch bildirildi.
G‘.Xonnazarov,
O‘zA